So‘nggi yillarda mamlakatimizda “Inson qadri uchun” degan ezgu g‘oyani to‘liq ro‘yobga chiqarish, inson huquq va erkinliklari sohasidagi xalqaro standartlarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish, davlat organlari faoliyatiga tizimli va bosqichma-bosqich joriy etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Inson huquqlari va erkinliklari kafolatlarini kuchaytirish hamda qonun ustuvorligini ta’minlash, ularni jamiyatimizning har bir fuqarosi hayotiga samarali tatbiq etish Yangi O‘zbekistonning ichki va tashqi siyosatida markaziy o‘rinni egallab kelmoqda.

Inson huquqlari – insonning tug‘ilishidan to vafot etguniga qadar, butun umri davomida unga hamrohlik qiladigan huquq va erkinliklardir. Ushbu universal huquqlar millati, jinsi, irqi yoki etnik kelib chiqishi, rangi, dini, tili yoki boshqa huquqiy maqomidan qat’i nazar, hech qanday kamsitishlarsiz barcha uchun xosdir.
Inson huquqlari yashash huquqi kabi eng asosiy huquqlardan tortib, munosib turmush tarzini ta’minlashga xizmat qiladigan ta’lim olish, mehnat qilish yoki ijtimoiy ta’minot olish kabi huquqlarni qamrab oladi. Boshqacha aytganda, inson huquq va erkinliklari har kimga tug‘ilganidan boshlab tegishli bo‘ladi. Ushbu huquq munosib hayot kechirish va insoniy salohiyatimizni rivojlantirishga imkon berish uchun zarur bo‘lgan barcha insoniy fazilatlar uchun muhimdir.

Inson huquqlarini ta’minlash qo‘rquv, ta’qib, tazyiq, zo‘ravonlik yoki kamsitishsiz jamiyatda yashash uchun katta ahamiyatga ega.
Inson huquqlari quyidagi asosiy xususiyatlarga ega:
• Universallik – barcha bir xil darajada inson huquqlariga ega;
• Ajralmaslik – ularni hech qachon tortib olish mumkin emas, lekin ba’zi hollarda uni cheklash mumkin (agar shaxs qonunga bo‘ysinmasa yoki davlat xavfsizligiga tajovuz qilsa);
• Bo‘linmaslik – ma’lum bir huquqlar to‘plamidan ikkinchisisiz to‘liq foydalanish mumkin emas;
• O‘zaro bog‘liqlik – ma’lum huquqni berish yoki olishning boshqa huquqlarga ta’siri;
• Tenglik – barcha insonlar o‘zlarining qadr-qimmati va huquqlarida tengdir;
• Kamsitmaslik – har bir inson irqi, tanasining rangi, jinsi, tili va boshqa xususiyatlaridan qat’i nazar inson huquqlariga ega.
1948 yilda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi ommaviy himoya qilinadigan asosiy inson huquqlarini belgilaydigan birinchi yuridik hujjat bo‘ldi. Ushbu Deklaratsiya hamda “Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt” (1966 yil) va “Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt” (1966 yil) Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro billni tashkil etadi.
Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi tomonidan 1948 yilning 10 dekabrida qabul qilingan. U muqaddima va 30 moddadan iborat bo‘lib, uning maqsadi har bir inson va davlat mazkur Deklaratsiyada nazarda tutilgan ma’rifat va ta’lim orqali shu huquq va erkinliklar hurmat qilinishiga ko‘maklashishidir.
Deklaratsiyada inson huquqlarini hurmat qilish, tenglik, erkinlik, inson huquqlarini amalga oshirishning demokratik jarayoni, inson huquqlarini ta’minlashning adolatliligi kabi tamoyillar o‘z aksini topgan. Mazkur tamoyillarga ko‘ra barcha insonlar erkin tug‘iladi, ular qadr-qimmati hamda huquqlari jihatdan tengdir hamda qonun asosida baravar himoyalanish huquqiga ega.
Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi mustaqil O‘zbekiston imzolagan birinchi xalqaro hujjatdir. Davlatimiz 1991 yil 30 sentyabrda ushbu xalqaro hujjatni ratifikatsiya qilib, unda belgilangan qoidalarni bajarishni o‘z bo‘yniga oldi.
Xususan, Deklaratsiyaning 3-moddasida “har bir inson yashash, erkin bo‘lish va shaxsiy daxlsizlik huquqlariga egadir” deb belgilangan. Mazkur qoidalar Konstitutsiyamizda ham o‘z ifodasini topgan bo‘lib, 13-moddada inson va uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa ajralmas huquqlari oliy qadriyat hisoblanishi, 25-moddasida yashash huquqi har bir insonning ajralmas huquqi ekanligi hamda inson hayotiga suiqasd qilish eng og‘ir jinoyat ekanligi, Ӯzbekiston Respublikasida o‘lim jazosi taqiqlanishi belgilangan.
Inson huquqlari bo‘yicha Milliy strategiyada O‘zbekistonning inson huquqlari sohasida o‘z zimmasiga olgan xalqaro majburiyatlarining amalga oshirilayotganligi uning xalqaro maydondagi obro‘si yanada mustahkamlanishiga hamda yurtimizda inson huquqlari va erkinliklariga hurmat munosabatining shakllanganligidan dalolat beradi.
O‘zbekiston Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha kengashining a’zosi sifatida faol harakati, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari hamda inson huquqlari masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachilar bilan yaqin hamkorligi bunga yorqin misol bo‘lmoqda.
Inson huquqlariga oid xalqaro standartlarning amalga oshirilishi, ayniqsa ayollar, bolalar, yoshlar va nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini himoya qilish hamda ijtimoiy adolat tamoyillariga konstitutsiyaviy maqom berildi.
Mamlakatimizda xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari va manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimini yanada takomillashtirilishi, qiynoqqa solishning oldini olish bo‘yicha milliy preventiv mexanizmning qonuniy asoslari shakllantirilishi, majburiy mehnat va bolalar mehnatiga barham berilishi bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.
Mamlakatimizda inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturining qabul qilinishi inson huquqlari sohasidagi ta’limni yanada rivojlantirishga, aholining inson huquqlari sohasidagi huquqiy savodxonligini, shuningdek, davlat xizmatchilarining inson huquqlari va gender tenglik sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirishga qaratildi.
Davlatimiz BMT Bosh kotibining “Inson huquqlari yo‘lida harakatga da’vat” tashabbusini qo‘llab-quvvatlagan holda inson huquqlari sohasida zimmasiga olgan xalqaro majburiyatlarini izchil va qat’iy bajarishni davom ettirish, fuqarolarning Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi tamoyillari va normalari to‘g‘risidagi bilimlarini oshirish, inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan bir qator chora-tadbirlar tizimi yaratildi.
Bundan tashqari, 10 dekabr – Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi e’lon qilingan kunda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha mukofotini topshirish belgilangan.
Ta’kidlash joizki, O‘zbekistonda ham “Inson huquqlari himoyasi uchun” ko‘krak nishoni ta’sis etilgan bo‘lib, unga muvofiq inson huquqlarini himoya qilish va inson huquqlari madaniyatini oshirishda xizmat ko‘rsatganlarga ushbu nishon har yili xalqaro inson huquqlari kunida topshiriladi.
Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining qoidalari asosiy Qomusimizda, shuningdek milliy qonunchiligimizda ifoda etilishi yurtdoshlarimizning siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquq va erkinliklarining ishonchli himoya qilinishini ta’minlaydi.
J.Shlimbetov,
Ӯzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsmanning) Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi mintaqaviy vakili
O‘zA