Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Inson huquq va erkinliklarini ta’minlash — oliy maqsad
10:48 / 2025-09-12

-

“Inson qadri ulug‘langan yurtdagina adolat,

tinchlik va barqaror taraqqiyot bo‘ladi.”

Inson – jamiyat va davlatning yuragi, markazi. Uning huquq va erkinliklari eng oliy qadriyat sifatida e’tirof etilishi har qanday huquqiy-demokratik davlatning ustuvor vazifasidir. Inson huquqlari davlat tomonidan tan olinishi, amalga oshirilishi va himoya qilinishi,  nafaqat siyosiy shior, balki huquqiy, ma’naviy va amaliy burch ham hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida inson huquqlariga katta e’tibor qaratilgan. Xususan, 13-moddada, “Inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa ajralmas huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi” deb, qayd etilgan. 

Bu norma insonni, uning huquqlarini ta’minlashni davlatning ustuvor vazifasi sifatida belgilaydi. Shuningdek, 14-moddaga ko‘ra, “Davlat o‘z faoliyatini inson farovonligini va jamiyatning barqaror rivojlanishini ta’minlash maqsadida qonuniylik, ijtimoiy adolat va birdamlik prinsiplari asosida amalga oshiradi”. Demak, davlatning oliy maqsadi – inson huquqlarini kafolatlashdan iborat. Bosh Qomusimizning 19-moddasiga to‘xtaladigan bo‘lsak, “O‘zbekiston Respublikasida insonning huquq va erkinliklari xalqaro huquqning umume’tirof etilgan normalari hamda Konstitutsiyaga muvofiq e’tirof etiladi va kafolatlanadi. Inson huquq va erkinliklari har kimga tug‘ilganidan boshlab tegishli bo‘ladi. O‘zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, e’tiqodi, ijtimoiy kelib chiqishi, ijtimoiy mavqeidan qat’iy nazar, qonun oldida tengdirlar” deb, e’tirof etilgan. Shuningdek, Bosh Qomusimizning 21-moddasida “Har bir inson o‘z shaxsini erkin kamol toptirish huquqiga ega. Hech kimga uning roziligisiz qonunchilikda belgilanmagan majburiyat yuklatilishi mumkin emas” va 25-moddaga ko‘ra, “Yashash huquqi har bir insonning ajralmas huquqidir va u qonun bilan muhofaza qilinadi” deb, belgilab qo‘yilgan.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining X bobi aynan shu muqaddas maqsadga xizmat qiladi: inson va fuqarolarning huquq va erkinliklarini kafolatlashdan iborat. Bu normalar inson huquqlari davlat organlari tomonidan buzilgan taqdirda, uning qonuniy tartibda tiklanishi uchun kafolat yaratadi. Inson o‘zini davlatdan mustaqil, teng huquqli sub’ekt sifatida his etishi uchun ana shunday kafolatlar hayotiy ahamiyatga ega. 

Mazkur normalarni Konstitutsiya darajasida mustahkamlanishi – inson qadri, sha’ni va huquqlari ustuvor ekanini amalda tasdiqlaydigan huquqiy tayanchdir. Jamiyatda adolat, tinchlik va farovonlik bo‘lishi uchun har bir inson o‘z huquqlarini bilishi va himoya qila olishi, davlat esa ularni kafolatlashi shart. Inson va davlat o‘rtasidagi ishonch, hamkorlik va huquqiy tenglik – mustahkam fuqarolik jamiyati poydevoridir.

Inson huquqlarini davlat tomonidan himoya qilish faqat qonunlar yoki sudlar bilan cheklanib qolmaydi. Bu – ko‘p qirrali, tizimli va hamkorlikka asoslangan jarayon:

Birinchidan, qonun ustuvorligi - huquq va erkinliklar Konstitutsiya va qonunlar bilan muhofaza qilinadi. Huquqbuzarlarga nisbatan javobgarlik belgilangan.

Ikkinchidan, sud himoyasi - har bir inson o‘z huquqi buzilganda sudga murojaat qilib adolatni tiklash imkoniyatiga ega.

Uchinchidan, Ombudsman instituti - O‘zbekistonda inson huquqlari bo‘yicha Ombudsman faoliyat yuritadi, u fuqarolar murojaatlarini o‘rganib, huquqbuzarliklarni bartaraf etadi.

To‘rtinchidan, xalqaro huquqiy kafolatlar - O‘zbekiston BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilib, xalqaro standartlarga asoslangan inson huquqlari siyosatini yuritmoqda.

Beshinchidan, elektron davlat xizmatlari - shaffoflikni ta’minlash va insonlar hayotini yengillashtirish maqsadida elektron murojaatlar, interaktiv portallar faoliyati rivojlanmoqda.

Oltinchidan, ta’lim va huquqiy ongni oshirish - fuqarolarning o‘z huquqlarini bilishi va himoya qilishi uchun huquqiy savodxonlik oshirilmoqda, ya’ni, maktablar, oliy o‘quv yurtlari va ommaviy axborot vositalari orqali targ‘ibot ishlari olib borilmoqda.

Yettinchidan, jamiyatda adolat va tenglik muhitini yaratish - barcha fuqarolar uchun teng imkoniyatlar, millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik siyosatining amalga oshirilishi ham inson huquqlarini himoya qilishning bir qismi hisoblanadi.

Sakkizinchidan, mehnat sohasida himoya - ishchilar, xotin-qizlar, yoshlar va nogironlar uchun xavfsiz mehnat sharoiti, haq to‘lash, ta’til va mehnat huquqlarini kafolatlash ta’minlanmoqda.

To‘qqizinchidan, ozodlikdan mahrum etilgan shaxslar huquqlari - jazoni ijro etish muassasalarida insonparvarlik tamoyillariga rioya etilib, ta’lim, tibbiy xizmat, oila bilan aloqa huquqlari ta’minlanmoqda.

Mamlakatimizda keyingi yillarda inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlash sohasida qator huquqiy-tashkiliy islohotlar amalga oshirilmoqda. Konstitutsiyada belgilab qo‘yilgan huquqlar – bu faqat qog‘ozdagi normalar emas, balki hayotda amal qiladigan real kafolatlarga aylanib bormoqda.

Inson huquqlari sohasidagi huquqiy asoslar, ya’ni, Konstitutsiya, qonunlar, kodekslar va xalqaro shartnomalar orqali inson manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha mustahkam tizim shakllantirildi. Ayniqsa, so‘nggi yillardagi islohotlarda Konstitutsiyaning o‘zi ham yangilanib, fuqarolarning huquqiy maqomi yanada mustahkamlandi. Ya’ni:

 - Inson huquqlarini ta’minlashda sud, prokuratura, ichki ishlar, mahalliy hokimiyat organlari va ombudsman institutining faoliyati qayta ko‘rib chiqildi. Ular fuqarolarning murojaatlariga tez va shaffof javob berish, har qanday huquqbuzarlik holatini oldini olish, adolatni ta’minlash borasida yuqori mas’uliyat bilan ish yuritmoqda. Shu bilan birga, notarius, advokatlar, yuridik klinikalar va bepul huquqiy yordam markazlari faoliyati fuqarolarning huquqiy savodxonligini oshirishga xizmat qilmoqda;

- O‘zbekiston inson huquqlarini himoya qilishga oid 80 dan ortiq xalqaro shartnomalarga qo‘shilgan. Bu esa mamlakatni nafaqat ichki, balki tashqi majburiyatlar asosida ham fuqarolar huquqlarini ta’minlashga majbur etadi. Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda monitoring va hisobot tizimlari joriy etilgan.

Inson huquqlarini amalda ta’minlash, bu islohotlarning markazida insonni qo‘yish, qonunlar ijrosini hayotga tatbiq qilish va jamiyatda adolat va tenglik muhitini yaratish demakdir. Qonunchilik, davlat organlari, sud himoyasi, ommaviy axborot vositalari va jamoatchilikning faol ishtiroki inson huquqlarining real himoyasini ta’minlovchi muhim omillardir.

Muxtasar qilib aytganda, inson huquq va erkinliklari, bu shunchaki deklaratsiya emas, balki davlat va jamiyatning rivojlanishini belgilovchi asosiy tamoyildir. O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, qonunchilikka kiritilayotgan o‘zgarishlar va huquqni muhofaza qiluvchi institutlar faoliyati inson huquqlarini hayotga tatbiq etishning yaqqol ifodasidir. 

Umida Yuldashbekova,

O‘zbekiston Respublikasi 

Konstitutsiyaviy sudi eksperti.