Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Inson huquq va erkinliklarini ta’minlash – davlatning oliy maqsadi
10:31 / 2023-03-31

Yangilanayotgan Konstitutsiyada har kim davlat organlarining yoxud ular mansabdor shaxslarining qonunga xilof qarorlari, harakatlari yoki harakatsizligi tufayli yetkazilgan zararning o‘rni davlat tomonidan qoplanishi huquqiga egaligi qayd etilmoqda.

Joriy yil 29-30 mart kunlari Buxoro shahrida bo‘lib o‘tgan «Qiynoqqa solishga qarshi kurashish: xalqaro amaliyot va milliy tajriba» mavzusidagi o‘quv kursi ochilishida shu haqda so‘z yuritildi. O‘quv mashg‘ulotlari joriy yil 7 fevraldagi Prezident qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturiga asosan o‘tkazilayotgani ta’kidlandi.

Tadbir avvalida, yaqinda bo‘lib o‘tadigan referendum, Konstitutsiya loyihasidagi konseptual o‘zgarishlar haqida ma’lumot berildi. Yangilanayotgan Konstitutsiyada O‘zbekiston – huquqiy davlat, deb belgilanayotgani hamda inson huquq va erkinliklarini ta’minlash davlatning oliy maqsadi sifatida e’lon qilinayotgani munosabati bilan inson huquqlariga oid normalar 3 barobarga ko‘paymoqda.

Xususan, ozodlikdan mahrum etilgan shaxslar o‘ziga nisbatan insoniy muomalada bo‘linishi hamda inson shaxsiga xos bo‘lgan sha’ni va qadr-qimmati hurmat qilinishi huquqiga egaligi haqida norma kiritilmoqda. Qolaversa, shaxsning sudlanganligi va bundan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari huquqlarini cheklash uchun asos bo‘lishi mumkin emasligi belgilanyapti.

Bundan tashqari, Konstitutsiyada birinchi marotaba har kim O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligiga va xalqaro shartnomalariga muvofiq, agar davlatning huquqiy himoyaga doir barcha ichki vositalaridan foydalanib bo‘lgan bo‘lsa, insonning huquq va erkinliklarini himoya qiluvchi xalqaro organlarga murojaat etishga haqli ekani mustahkamlanmoqda. Bu fuqarolarning huquq va erkinliklari himoyasi nafaqat milliy qonunchilikda belgilangan normalar, balki xalqaro huquq asosida ham himoyalanishini ta’minlaydi.

O‘quv kursining ilk kunida «Inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlar, asosiy tamoyillar», «Qiynoq hamda muomala va jazolashning qattiq, shafqatsiz, insoniylikka zid yoki qadr-qimmatni kamsituvchi turlariga qarshi konvensiyaning mazmun-mohiyati», «Qiynoqqa solish bilan bog‘liq qilmishlar sodir etilishining oldini olishga oid qonunchilik rivoji» mavzularida ma’ruzalar tinglandi.

Mashg‘ulotlarning ikkinchi kuni «Voyaga yetmaganlar va ayollarga oid xalqaro va milliy standartlar», «Ushlab turish, qamoqqa olishga oid xalqaro standartlar, mahbuslar huquqlarini ta’minlash kafolatlari», «Qiynoqqa solish jinoyati uchun javobgarlik masalalari», «Kamsitmaslik, aybsizlik prezumpsiyasi, qamoqqa olish, xabar berishga oid xalqaro standartlar va O‘zbekiston Respublikasi jinoiy-huquqiy tizimida mazkur standartlarning qo‘llanishi» mavzularidagi ma’ruzalar tinglovchilar e’tiboriga havola etildi.

Ikki kunlik qisqa o‘quv kursi davomida egallangan nazariy bilimlar amaliy mashg‘ulotlar bilan mustahkamlandi. Mashg‘ulotlar yakunida test sinovlari o‘tkazildi. Shundan so‘ng tinglovchilarga sertifikatlar tantanali ravishda topshirildi.  

 

O‘zA