Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Inson huquq va erkinliklarini ta’minlash bo‘yicha ochiq muloqot
11:58 / 2023-06-16

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) hamda Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi bilan hamkorlikda inson huquqlarini ta’minlashda davlat boshqaruvi organlari va fuqarolik jamiyati vakillari o‘rtasida ikki yildan beri ochiq muloqotlar tashkil etilmoqda.

Toshkent shahrida o‘tkazilgan navbatdagi ochiq muloqot “Inson huquqlari va erkinliklarining ta’minlanishida davlat boshqaruvi organlarining fuqarolik jamiyati institutlari bilan o‘zaro hamkorligi: muammolar va ularning yechimlari” mavzusiga bag‘ishlandi.    

BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda tegishli vazirlik va idoralar vakillari va o‘ndan ortiq fuqarolik jamiyati institutlari faollari ishtirok etdi.  

Tadbirda qayd etilishicha, bugungi kunda fuqarolik jamiyati institutlari jamoatchilik nazoratini amalga oshirish orqali fuqarolarning davlat bilan o‘zaro samarali aloqasini ta’minlashga ko‘maklashmoqda. Odamlarning kayfiyatini, mamlakatda kechayotgan o‘zgarishlarga munosabatini aniqlashning muhim vositalaridan biriga aylanmoqda.  

O‘tgan davr mobaynida demokratik yangilash jarayonida fuqarolik jamiyati institutlarining roli va ahamiyatini kuchaytirishga, fuqarolarning eng muhim sotsial-iqtisodiy muammolarini hal etishga qaratilgan 200 dan ortiq qonun hujjati qabul qilingani soha rivojiga bo‘lgan e’tiborni ko‘rsatadi.  

Davra suhbatida fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilishda sud mustaqilligini ta’minlash, odil sudlovga erishish, qonuniylikni mustahkamlash muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi. Lekin sud ishlarining yildan-yilga ortib borishi hisobiga sudyalarning o‘rtacha ish hajmi ko‘paygani ma’lum qiyinchiliklarni tug‘dirmoqda. Raqamlarga murojaat qilinsa, xorijiy davlatlarda 100 ming aholiga sudyalar soni Germaniyada 24, Rossiyada 18, Qozog‘istonda 16 nafarni tashkil etadi.  O‘zbekistonda esa bu ko‘rsatkich 3,7 nafardan iborat, xolos.  

Tadbirda sudyalarning odil sudlovni amalga oshirishdagi faoliyati bo‘yicha qonunchilikka o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha takliflari o‘rganildi.  

Shuningdek, insonning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarini himoya qilishda davlat organlari faoliyatining ochiqligi va ularning fuqarolik jamiyati institutlari bilan o‘zaro hamkorlik samaradorligini oshirish, aholini tashvishga soluvchi masalalar vakolatli davlat organlari  vakillari bilan bevosita muhokama qilindi.  

Qayd etish lozimki, bu kabi muloqotlar inson huquq va erkinliklarini ta’minlash bo‘yicha mavjud kamchiliklarni davlat organlarining vakolatli vakillariga yetkazish va u orqali tegishli sohalarning isloh qilinishiga xizmat qiladi. Tadbir yakunida jamoatchilik nazoratini yanada kuchaytirish yuzasidan takliflar ishlab chiqildi.  

 

N.Abduraimova,  

O‘zA