Navoiy viloyatida jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudlari tomonidan 2023 yilning birinchi yarim yilligida 1207 nafar shaxsga nisbatan 866 jinoyat ishi tamomlangan bo‘lib, bu ko‘rsatgich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 82 taga ko‘paygan.
Bu haqida Navoiy viloyat sudida odil sudlovni amalga oshirish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish borasida sudlar tomonidan bajarilgan ishlar sarhisobiga bag‘ishlab o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
Berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning o‘tgan davrida jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudlari tomonidan tamomlangan ishlarda 980 nafar shaxslarga nisbatan 662 jinoyat ishi bo‘yicha hukm chiqarilib, 2022 yilning 6 oyiga nisbatan 104 taga yoki 18,6 foizga oshganligi ta’kidlandi.
– Tamomlangan ishlarning barchasi tuman (shahar) sudlarida ko‘rilgan, – deydi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati sudyasi Anvar Isoqov. – O‘tgan davr mobaynida 221 nafar shaxsga nisbatan 204 ish tugatilgan. Shundan 196 nafar shaxsga nisbatan 186 jinoyat ishi taraflarning yarashganligi munosabati bilan to‘xtatilgan. Eng muhimi, yurtimizda olib borilayotgan islohotlar natijasida sudlar tomonidan 213 nafar fuqaroga nisbatan 141 jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki qo‘yilgan ayblar qayta malakalangan holda yakuniy qarorlar chiqarilgan. Shuningdek, 3 jinoyat ishi bo‘yicha 5 nafar shaxs sudlar tomonidan oqlangan. Navoiy viloyati ma’muriy sudlari tomonidan hisobot davrida 485 ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolar bilan bog‘liq ma’muriy ishlar ko‘rib tamomlangan.
– Ko‘rib tamomlangan ishlarning 109 tasi yoki 22,5 foizi sayyor sud majlislarida ko‘rib chiqilgan, – deydi viloyat ma’muriy sudi raisi Akmal Murodov. – Sudlar tomonidan hokim qarorini haqiqiy emas deb topish hamda mahalliy hokimlik mansabdor shaxslarining xatti-harakatlarini (harakatsizligini) qonunga xilof deb topishga oid 54 ta ishlar ko‘rib chiqilgan. Shuningdek, ishlarni ko‘rish jarayonida aniqlangan qonun buzilish holatlari yuzasidan aybdor mansabdor shaxslarga nisbatan 215 xususiy ajrim chiqarilgan.
Matbuot anjumanida viloyat iqtisodiy va fuqarolik sudlari tomonidan amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida ham ma’lumot berildi.
– Iqtisodiy sudlar tomonidan joriy yilning 1-yarim yilligida 6219 ish ko‘rib chiqilgan bo‘lsa, ularning 137 tasi videokonferensiya aloqa rejimida o‘tkazilgan va 235 nafar vakillar o‘z hududlarida ishtirok etib, 62,6 million so‘m mablag‘ tejalgan, – deydi iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati raisi Timur Abdurahmonov. – Ko‘rilgan ishlarning 2031 tasi yoki 32,6 foizi fuqarolik huquqiy munosabatlarga, 3999 tasi yoki 64,3 foizi ma’muriy huquqiy munosabatlarga, 144 tasi yoki 2,3 foizi bankrotlikka, 45 tasi yoki 0,7 foizi korporativ munosabatlarga oid ishlarni tashkil etgan. Hal etilgan ishlar bo‘yicha 167,3 milliard so‘m miqdoridagi qarz va yetkazilgan moddiy zararlarni da’vogarlar foydasiga undirish haqida qarorlar qabul qilingan. Shundan xususiy tadbirkorlar va kichik biznes sub’ektlari foydasiga 35,2 milliard so‘m undirilgan.
– 2023 yilning 1-yarim yilligi davomida sudlar tomonidan ko‘rilgan ishlar soni 10781 tani tashkil etdi, – deydi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati sudyasi Gulnafis Xudoyberdiyeva. – Ko‘rib tamomlangan ishlarning 629 tasi yoki 5,8 foizi sayyor sud majlislarida hal etilgan. Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, sudlar tomonidan ko‘rilgan ishlar soni o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 293 taga ko‘paygan.
Matbuot anjumanida sudyalar tomonidan o‘tkazilgan uchrashuv, ochiq muloqot va sayyor qabullar haqida ham ma’lumot berilib, jurnalistlarni qiziqtirgan savollariga atroflicha javob qaytarildi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA