French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Inson huquq va erkinliklari bo‘yicha talabalarning bilimi oshirildi (+video)
11:05 / 2023-12-19

Toshkent amaliy fanlar universitetida Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilingan kunga bag‘ishlangan ma’naviy-huquqiy tadbir o‘tkazildi.

Universitetning “Moliya va buxgalteriya hisobi” kafedrasi tomonidan tashkil etilgan ushbu tadbirda professor-o‘qituvchilar, olimlar va talabalar ishtirok etdi. 

Unda so‘zga chiqqan navoiyshunos olim Sultonmurod Olimov, telejurnalist Muhabbat Hamroyeva va boshqalar 10 dekabr – Xalqaro inson huquqlari kuni butun dunyoda, xususan, mamlakatimizda ham keng nishonlanishi va keyingi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar asosan inson qadr-qimmati hamda manfaatlarini himoya qilishga qaratilganini alohida qayd etdi. 

Yangilangan Bosh qomusimizda inson huquq va erkinliklari kafolatlari bir qator ilg‘or normalar bilan kuchaytirildi. Inson haq-huquqlarini yanada mustahkamlash nafaqat bugungi kun, balki kelgusidagi ko‘plab muammolarning oqilona va odilona yechimi sifatida mustahkam huquqiy poydevori hisoblanadi. 

Tadbirda ta’kidlanganidek, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining rezolyutsiya bilan 1948 yil 10 dekabrda qabul va e’lon qilingan. Unda insoniyat oilasining hamma a’zolariga xos qadr-qimmat va ularning teng, ajralmas huquqlarini tan olish erkinlik, adolat va yalpi tinchlik asosi ekanligi ifoda etilgan. 

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/C7aNfz9SGlc" title="Inson huquq va erkinliklari boʻyicha talabalarning bilimi oshirildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>

Universitetning “Moliya va buxgalteriya hisobi” kafedrasi mudiri Shuhrat G‘afforovning so‘zlariga ko‘ra, bu kabi tadbirlar talabalar hayotida muhim hisoblanib, ularning ijtimoiy-siyosiy hayotdagi yangiliklar hamda inson huquqlariga doir bilim va ko‘nikmaga ega bo‘lishida muhim ahamiyat kasb etadi. 

–Ma’lumki, 1950 yildan har yili 10 dekabr butun dunyoda “Xalqaro inson huquqlari kuni” sifatida nishonlanadi. Sababi, 1948 yil ayni shu sanada Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 3-sessiyasida Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilingan. Mazkur deklaratsiya bugungi kunda ham inson huquqlarini himoya qiluvchi va kafolatlovchi dunyodagi eng asosiy va universal hujjat hisoblanadi. Deklaratsiya dunyoning 500 dan ortiq tiliga tarjima qilingan. Aytish joizki, Xalqaro inson huquqlari kuni mamlakatimizda ham keng nishonlanadi. Shundan kelib chiqib, oliy o‘quv dargohimizda ushbu sana munosabati bilan uchrashuv tashkil qildik. Unda yangilangan Konstitutsiyada inson huquqlari va erkinliklarining kafolatlari, gender tenglik, ta’lim kabi bir qator mavzularda fikrlar bildirildi. Bu esa talabalarning bilimini boyitish va hayotda o‘z yo‘lini topishida muhim rol o‘ynaydi, – dedi Sh.G‘afforov. 

Tadbirda telejurnalist Muhabbat Hamroyeva mamlakatimizda gender tenglik bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida to‘xtalib o‘tdi. Unda ta’kidlanganidek, gender tenglikni ta’minlash masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Ayniqsa, jamiyat hayotida xotin-qizlarimizga berilayotgan e’tibor ularning faol ishtirokini ta’minlamoqda. Muhimi, bugungi kunda barcha sohalarda xotin-qizlar va erkaklarning huquq hamda imkoniyatlarining tengligi ta’minlamoqda. 

–Bugungi tadbir talabalar uchun juda qiziqarli bo‘ldi, – dedi universitet katta o‘qituvchisi Nasiba Abdurazzoqova. – Negaki, aynan talabalarning siyosiy bilimini oshirishda bu kabi uchrashuvlar foydali va unda taniqli olimlarning ishtiroki ham ular hayotida unutilmas taassurot qoldiradi. Aytish joizki, Toshkent amaliy fanlar universiteti uch yildan buyon faoliyat ko‘rsatadi. Bu yerda talabalar kunduzgi, sirtqi va kechki ta’lim asosida o‘qitiladi. Bugungi kunda iqtisodiyot, pedagogika, AKT kabi yo‘nalishlarda jami 30 mingga yaqin talaba tahsil oladi. Bizning Iqtisodiyot fakultetimizda talabalar “Bank ishi va audit”, “Buxgalteriya hisobi va audit”, “Moliya va moliyaviy texnologiyalari” yo‘nalishlari bo‘yicha o‘qitiladi. 

Tadbir yakunida mutaxassislar talabalarning savollariga javob berdi. 

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA