“Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan Prezidentlikka nomzod Robaxon Maxmudovaning Sirdaryo viloyatidagi ishonchli vakili saylovchilar bilan uchrashdi.
Sirdaryo tumani 12-musiqa va san’at maktabida tashkil etilgan uchrashuvda mahalla faollari, mehnat faxriylari, deputatlar, partiya faollari, yoshlar, xotin-qizlar, keng jamoatchilik va OAV vakillari ishtirok etdi.

Ishonchli vakil Nodira Djanibekova nomzodning tarjimai holi va saylovoldi dasturi bilan tanishtirdi. Inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, har bir shaxsning qadr-qimmatini e’zozlash erkin va adolatli jamiyatning ajralmas qismidir. Mehnat qonunchiligi ustuvorligi, xodimlar huquqlarini ta’minlash, aholi bandligi, yangi ish o‘rinlarini yaratish, aholining real daromadlarini oshirishga alohida e’tibor qaratish, mamlakatda ishlayotgan yollanma va mavsumiy ishchilarga keng sharoitlar yaratib berish, ularning mehnatini qadrlash va muhofaza qilish, mehnatiga yarasha haq to‘lash, mehnat stajiga qo‘shilishini va kelajakda munosib nafaqa olishi bo‘yicha choralar nomzodning asosiy rejalari sanaladi. Shu bilan birga aholini toza ichimlik suv bilan ta’minlash masalasi, bu borada sohaga jalb qilinayotgan investitsiyalar hajmini keskin ko‘paytirish, fuqarolarni ijtimoiy himoya qilish va bu yo‘nalishda tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash ham ko‘zda tutilgan.
Ishonchli vakil saylovchilarni Prezidentlikka nomzodning dasturini qo‘llab-quvvatlash va saylovda unga ovoz berishga chaqirdi.

Shuhrat Suyarov, O‘zA