Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Inson hayotiga yorug‘lik olib kirayotganlar
14:15 / 2025-11-04

Keyingi paytlarda mamlakatimizda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, ularning turmush darajasi va hayot sifatini yaxshilash yo‘lidagi islohotlar o‘z samarasini bermoqda. Bu sa’y-harakatlar, ayniqsa, mahalla darajasida o‘z aksini topmoqda.

O‘rta Chirchiq tumanidagi Kim Pen Xva mahallasida ham bu boradagi amalga oshirilayotgan ishlardan aholi vakillari mamnun. Hududda 4 ming 226 nafar aholi, 1 ming 266 ta oila mavjud. Shulardan 62 nafar fuqaro nogironligi bo‘lgan shaxslar sifatida ro‘yxatga olingan. Aholining ijtimoiy muammolarini o‘rganish, ularni manzilli yordam bilan ta’minlash maqsadida kompleks ijtimoiy xizmat ko‘rsatish tizimi orqali muhtoj oilalarning holati o‘rganilib, ularning ehtiyojiga mos xizmat turlari ko‘rsatilmoqda. 

– Davlatimiz tomonidan yaratilayotgan imkoniyat va imtiyozlarni o‘z vaqtida hamda to‘g‘ri yetkazish orqali muhtoj oilalarning hayotiga yorug‘lik olib kirishga intilaman. Yil boshidan buyon mahallada 275 dan ortiq murojaat qabul qilingan bo‘lib, ularning 80 foizdan ortig‘i ijobiy hal etilgan. Bu esa joriy etilgan tizimning amaliy samaradorligini yaqqol ko‘rsatmoqda. Mahallada yashovchi 2-guruh nogironligi bo‘lgan shaxs Yo‘ldosh Azimov yolg‘iz yashovchi nogiron shaxs sifatida ro‘yxatga olingan. U “Faol hayotga qadam” dasturi doirasidagi 5 ta xizmatdan 2 tasi, ya’ni uy sharoitida ijtimoiy-maishiy xizmat hamda tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya xizmati bilan ta’mingan, – deydi Kim Pen Xva mahallasida kompleks ijtimoiy xizmat ko‘rsatuvchi xodim Visola Normatoxunova. 

Aslida, insonparvarlik yo‘lidagi tashabbuslar jamiyatda mehr-oqibat, hamjihatlik va g‘amxo‘rlik muhitini yanada mustahkamlaydi. Mahalladagi har bir ezgu ish, har bir mehrli qo‘l, inson hayotiga yorug‘lik olib kirayotganini esa bugun ushbu mahalla misolida yaqqol ko‘rish mumkin. 

A.Musayev,O‘zA.