English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Inson hayotiga yorug‘lik olib kirayotgan tashabbus
17:44 / 2025-07-22

Bugungi kunda mamlakatimizda aholi farovonligini oshirish, kambag‘allikni qisqartirish va ijtimoiy himoyani kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “Faol hayotga qadam” dasturi o‘zining ijobiy samaralarini bermoqda.

Qashqadaryo viloyatining 12 ta tuman va shaharlarida mazkur dastur doirasida “Qarab turish xizmati” yo‘lga qo‘yildi. Ushbu yangi xizmat orqali ijtimoiy himoyaga muhtoj, ayniqsa, o‘ziga o‘zi qaray olmaydigan fuqarolarni parvarish qilish tizimi joriy etildi. Natijada bugungi kungacha 95 ta kambag‘al oila ushbu xizmat bilan qamrab olindi. Bu degani har bir oila uchun kambag‘allikdan chiqish, o‘z hayotini yaxshilash uchun yangi imkoniyatlar eshigi ochildi.

Masalan, viloyatning Mirishkor tumanida mahalliy tadbirkorni jalb qilgan holda yo‘lga qo‘yilgan “Qarab turish xizmati” samarali faoliyat yuritishni boshladi. Ayni paytda mazkur xizmat orqali 6 nafar keksa va nogironligi bo‘lgan shaxslar qamrab olingan.

Xizmat doirasida foydalanuvchilarga tibbiy ko‘mak, reabilitatsiya va maxsus parvarish xizmati ko‘rsatilmoqda. Shuningdek, ularning sog‘lomlashuvi uchun jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanish imkoniyatlari yaratildi. Bu esa fuqarolarning nafaqat jismoniy, balki ruhiy holatini ham yaxshilashga xizmat qilmoqda.

Mazkur loyiha ijtimoiy himoyaga muhtoj aholining hayotiga yorug‘lik olib kirayotgan, ularning ko‘ngliga umid va ishonch bag‘ishlayotgan muhim amaliy qadamlardan biri hisoblanadi.

Masalan, kasallikka chalingan mirishkorlik Hasan Qorayevning holatini olaylik. Avvaliga unga o‘g‘li Shahzod Begnazarov qarab kelayotgan edi. Albatta, bu holat Shahzodning ishlashiga, oilaning umumiy daromad topish imkoniyatlariga salbiy ta’sir ko‘rsatib kelayotgan edi.

Ammo “Qarab turish xizmati” joriy etilgach, bu muammoning yechimi topildi. Endilikda H.Qorayev mazkur xizmat orqali doimiy parvarish bilan ta’minlanmoqda. Eng asosiysi o‘g‘li Shahzod endi bemalol ishlash, qo‘shimcha daromad topish va oilaviy byudjetni mustahkamlash imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Shu tariqa “Faol hayotga qadam” dasturi nafaqat odamlarning jismoniy ehtiyojlarini qondirmoqda, balki ularning iqtisodiy holatini yaxshilashga, oilaviy muvozanatni tiklashga ham xizmat qilmoqda.

O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri