Poytaxtimizda o‘tkazilgan keng ko‘lamli reyd tadbirlari davomida ko‘p qavatli uylarda jamoat xavfsizligi va texnik barqarorlikka tahdid soluvchi qo‘pol qonunbuzarliklar fosh etildi.
Ayrim fuqarolar o‘z shaxsiy manfaatlarini jamoat xavfsizligidan ustun qo‘yib, uylarning tayanch devorlarini buzish, yerto‘la qismlarini noqonuniy o‘zgartirish kabi xatti-harakatlar bilan nafaqat o‘zlarini, balki butun xonadon aholisini xavf ostiga qo‘ymoqda.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillari hamkorligida o‘tkazilayotgan reyd tadbirlarida aniqlangan holatlar inson hayoti va mulk xavfsizligiga qay darajada bepisandlik bilan qaralayotganini yaqqol ko‘rsatdi.
Chilonzor tumanidagi 2-Charx Kamolon mahallasida joylashgan ko‘p qavatli uyning yerto‘la qismida tayanch va to‘siq devorlar o‘zboshimchalik bilan buzib tashlangan. Shu bilan birga, yer osti qismi noqonuniy ravishda kovlangan. Natijada muhandislik tarmoqlariga zarar yetkazilgan.
–Jarayonda mulkdorlar tomonidan ko‘p qavatli uylarning texnik holatiga shikast yetkazgan holda tayanch hamda to‘siq devorlarni buzib tashlash, shuningdek, ko‘p qavatli uyning umumiy hududini o‘zboshimchalik bilan egallab olish kabi holatlar aniqlanmoqda, – deydi Toshkent shahar Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat inspeksiyasi bosh mutaxassisi Shahobiddin Saidqulov. – Inspeksiya xodimlari tomonidan bu holat yuzasidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 159-moddasi asosida uy egasiga nisbatan 50 baravar miqdorda jarima qo‘llanildi. Shuningdek, joyni avvalgi holatiga keltirish bo‘yicha yozma ko‘rsatma berildi.
Reyd tadbirlarining keyingi manzili Uchtepada joylashgan 27-sonli ko‘p qavatli uy bo‘ldi. Bu ko‘p qavatli uyning beton konstruksiyalari kesilib, noqonuniy yo‘lak ochilgani aniqlandi.
Mutaxassislarning qayd etishicha, tayanch devorni buzish — binoga qilingan zarba, binoga zarba esa odamlar hayotiga xavf. Bunday holatlarga nisbatan qat’iy choralar ko‘riladi.
–Toshkent shahar Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi xodimlari tomonidan Uchtepa tumani Lutfiy ko‘chasi 27-sonli ko‘p qavatli uyda olib borilgan monitoring natijasida ushbu uyda yanada xavfliroq holat kuzatildi — xonadon egasi yerto‘la qismining beton konstruksiyalarini kesib tashlagan, hatto noqonuniy yo‘lak ochgan, – deydi Toshkent shahar Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi bo‘lim boshlig‘i Yusuf Xudoyberdiyev. –Shuningdek, yerto‘lada sanuzel o‘rnatilib, muhandislik tarmoqlariga ruxsatsiz o‘zgartirishlar kiritilgan. Bu holat bo‘yicha ham Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 200-sonli qaror talablariga zid ravishda tegishli tashkilotlarning ruxsatnomasini olmasdan o‘zboshimchalik bilan ichki va tashqi qismda ta’mirlash ishlari olib borilayotgani aniqlandi. Aniqlangan holatlarni dastlabki xolatga qaytarish hamda tegishli ruxsatnomalarni olish yuzasidan bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berildi. Agar mulkdor tomonidan bu talablar bajarilmasa, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 159-moddasi 3-qismiga asosan BHM 50 baravari miqdorida jarima qo‘llanilib, buzilgan qismlarni qonuniy tartibda tiklash talabi qo‘yiladi. Agar ko‘rsatma belgilangan muddatda bajarilmasa, ishlar tumanlararo sudiga yuborilishi tushuntirildi.
Inspeksiya mutasaddilari ta’kidlaganidek, har bir konstruksiya, har bir devorning muhandislik ahamiyati bor. Uni o‘zboshimchalik bilan buzish — nafaqat qonunbuzarlik, balki inson hayotiga bepisandlik.
Poytaxtdagi ayrim fuqarolarning o‘zboshimcha harakatlari nafaqat uylarning texnik barqarorligini izdan chiqaradi, balki butun mahalla aholisi uchun fojiali oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Hozirda nazorat tadbirlari respublika miqyosida davom etmoqda. Har bir aniqlangan holat bo‘yicha qat’iy chora ko‘rish, mas’ullarni javobgarlikka tortish — inspeksiyaning doimiy nazoratida.
Jamoat xavfsizligi shaxsiy manfaat qurboni bo‘lmasligi kerak. Har bir xonadon, har bir qavat inson hayoti bilan bog‘liq va buni hech kim unutishi mumkin emas.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/x5kCsrfVdXo" title="Inson hayoti va mulk xavfsizligiga bepisandlik" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Shahnoza Mamaturopova, O‘zA