Tog‘ va tog‘oldi hududlarida ekstremal dam olishga qiziqish ortib borayotgan bir paytda, u yerdagi attraksionlarning xavfsizligi masalasi ham kun tartibidagi eng muhim yo‘nalishlardan biriga aylanmoqda.
Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibining tegishli topshirig‘i asosida mutasaddi idora va tashkilotlar vakillaridan iborat ishchi guruh tomonidan rejali o‘rganish ishlari amalga oshirildi.

Ushbu o‘rganishlar doirasida Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumanidagi “Yangidiyor” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan “Rodor Auto” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli ekstremal attraksionlar faoliyati atroflicha tahlil etildi. Asosiy e’tibor attraksionlarning texnik holati, ulardan foydalanish qoidalariga amal qilinishi va xavfsizlik talablariga mosligiga qaratildi.

Tekshiruv jarayonida fuqarolar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, mas’ul shaxslarning javobgarligi, shuningdek, ehtimoliy xavf-xatarlarning oldini olish bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlar o‘rganildi. Xususan, favqulodda holatlar yuzaga kelishining oldini olish, texnika va yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya etilishi, ogohlantiruvchi belgilar hamda axborot materiallarining mavjudligiga alohida ahamiyat berildi.

Shu bilan birga, xodimlarning belgilangan yo‘riqnomalar asosida faoliyat olib borayotgani, xavfsizlik bo‘yicha bilim va ko‘nikmalari tahlil qilinib, bu yo‘nalishdagi ishlarni yanada kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.

Mazkur o‘rganishlar ekstremal attraksionlardan foydalanishda fuqarolar hayoti va sog‘lig‘ini ishonchli himoya qilish, dam olishni xavfsiz va mazmunli tashkil etishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir. Zero, haqiqiy hordiq — bu nafaqat hayajon, balki xotirjamlik va ishonch hamdir.
Abdujalol Qayumov, O‘zA