English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Inson farovonligini oshirishga qaratilgan islohotlar
13:45 / 2020-09-24

Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan tub islohotlar keng jamoatchilik va xalqaro tashkilotlar tomonidan eʼtirof etilmoqda.


Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan tub islohotlar keng jamoatchilik va xalqaro tashkilotlar tomonidan eʼtirof etilmoqda. 

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining rezolyutsiyasiga muvofiq BMTning 2030-yilgacha global kun tartibining Barqaror rivojlanish maqsadlari qabul qilindi. Ushbu hujjat asosida mamlakatimizda 2030-yilgacha boʻlgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi Milliy maqsad va vazifalarni amalga oshirish boʻyicha choralar koʻrildi.

Ushbu loyiha doirasida barqaror rivojlanish sohasida 16 ta milliy maqsad va 125 ta vazifa belgilab olindi, milliy barqaror rivojlanish maqsadlari va vazifalarini amalga oshirish boʻyicha Muvofiqlashtiruvchi kengash tuzildi, amalga oshirish “yoʻl xaritasi” tasdiqlandi.

Parlamentlararo ittifoq tavsiyalariga muvofiq samarali parlament nazorati va milliy barqaror rivojlanish maqsadlarining amalga oshirilishini tahlil qilish uchun 2020-yil fevral oyida Oliy Majlis tarkibida Barqaror rivojlanish maqsadlari boʻyicha Parlament komissiyasi taʼsis etildi.

Barqaror rivojlanish maqsadlari qashshoqlik va ochlikni hamma joyda tugatish, mamlakatlar ichida va mamlakatlararo tengsizlikni kamaytirish, sogʻlom turmush tarzi va hamma uchun teng, sifatli taʼlim va butun umri davomida uzviy oʻqish imkoniyatini, gender tenglikni taʼminlash, arzon, ishonchli, doimiy energiya manbalaridan foydalanish imkoniyatini yaratish, iqtisodiy oʻsishga koʻmaklashish, samarali bandlik va hamma uchun munosib mehnatni taʼminlash, ekologik barqarorlikni asrash va odamlar hayot sifatini yaxshilash bilan bogʻliq shu kabi muhim sohalarga qaratilgan.

Oʻzbekiston BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari koʻrsatkichlari boʻyicha tavsiyalariga asoslanib va ushbu maqsadlarga erishish boʻyicha milliy ustuvorliklar hamda dasturlarga tayanib, zarur axborot bazasini takomillashtirish va rivojlantirish boʻyicha oʻz rejalarini ishlab chiqdi. Mamlakat parlamenti tomonidan vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda Barqaror rivojlanish maqsadlari koʻrsatkichlarining milliy roʻyxati shakllantirildi. Unga global miqyosda taklif qilingan va milliy rivojlanish ustuvor yoʻnalishlarini aks ettiradigan omillar kiritildi.

Oʻtgan davrda Oʻzbekiston parlamenti tomonidan Barqaror rivojlanish maqsadlarini oʻz milliy rivojlanish rejalariga kiritishga, shuningdek, ularni hayotga tatbiq etish boʻyicha dasturiy va tashkiliy tadbirlarni amalga oshirishga qaratilgan zarur choralar koʻrildi.

Mamlakatimizning 2017-2021-yillarga moʻljallangan Harakatlar strategiyasida iqtisodiyot, davlat boshqaruvi, ijtimoiy rivojlanish va inson salohiyati masalalariga alohida eʼtibor qaratilgan boʻlib, ushbu sohalar Barqaror rivojlanish maqsadlariga deyarli mos keladi.

Oʻzbekistonning milliy rivojlanish rejalarida sogʻliqni saqlash sohasi alohida oʻrin tutadi. 2030-yilgacha aholi oʻrtasida sil va OIV bilan kasallanishni kamaytirish, gepatit va boshqa yuqumli kasalliklarga qarshi kurashishni taʼminlash koʻzda tutilgan. Shuningdek, yurak-qon tomir, saraton, qandli diabet va surunkali nafas olish yoʻllari xastaliklari tufayli aholi orasida bevaqt oʻlimni 30 foizga kamaytirish rejalashtirilgan. Giyohvand moddalar va alkogol isteʼmol qilishning oldini olish ham muhim vazifa sifatida belgilangan.

Sogʻliqni saqlash xarajatlari kattaligi tufayli tibbiyot xizmatlaridan barchaning foydalanishini taʼminlash, asosiy tibbiy-sanitariya xizmatlaridan foydalanish va xavfsiz, samarali, sifatli hamda arzon dori vositalari va vaksinalar olish imkoniyatini yaratish muhim.

Suv va havoning ifloslanishi, kimyoviy moddalarning zaharli taʼsiri oqibatida yuzaga keladigan oʻlim va kasalliklar sonini kamaytirish sogʻlom turmush tarzini taʼminlashning muhim vazifasi hisoblanadi.

Sogʻliqni saqlashni moliyalashtirishni izchil oshirib borish, sohada kadrlar tayyorlash va tibbiy xizmatlar koʻrsatish sifatini oshirish hamda munosib ish haqini taʼminlash – muhim yoʻnalishlardandir.

Shuningdek, taʼlim sohasida qizlar va oʻgʻil bolalarning boshlangʻich taʼlimga tayyor boʻlishi uchun 2030-yilgacha yosh bolalarni rivojlantirish, ularga gʻamxoʻrlik qilish va maktabgacha taʼlimni takomillashtirilgan tizimlaridan foydalanish imkoniyatini taʼminlash koʻzda tutilgan.

2030-yilga kelib barcha ayollar va erkaklar uchun arzon va sifatli oʻrta maxsus, oliy, kasb-hunar hamda uzluksiz taʼlim olish imkoniyatini taqdim etish kutilmoqda.

Munosib ish topish va biznes bilan shugʻullanish uchun talabga javob beradigan, jumladan, kasb-hunar va texnik koʻnikmalarga ega boʻlgan yoshlar va kattalar sonini sezilarli darajada koʻpaytirish rejalashtirilgan.

Yuqoridagilardan kelib chiqib shuni taʼkidlash lozimki, Oʻzbekiston parlamenti BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari toʻgʻrisidagi qarorini amalga oshirish boʻyicha faol ish olib bormoqda, sogʻliqni saqlash va taʼlim sohalari bunda muhim oʻrin tutmoqda.

Odiljon Iminov,
Oliy Majlis Senatining
Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasi raisi