French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Inson boshqa sohada izlanib mutaxassis bo‘lishi mumkin, lekin san’at iste’dod talab qiladi (+video)
18:32 / 2024-02-28

Mamlakatimizda madaniyat va san’at sohasini rivojlantirish, jahon miqyosidagi ilg‘or tajribalar asosida zamonaviy san’at muassasalari barpo etish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga yuksak e’tibor qaratilmoqda. O‘z o‘rnida bu sohadagi yetuk kadrlarni tayyorlash ham muhim masalalardan biridir. San’at sohasida kadrlar tayyorlash va bu boradagi xalqaro tajribalar ko‘lami haqida O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori Eldor Shermanovning fikrlariga qiziqdik.

– O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti Markaziy Osiyodagi eng qadimgi ta’lim dargohlaridan biri hisoblanadi, – deya fikrini boshlaydi Eldor Shermanov. – Dastlab, 1945-yilda Nikolay Ostrovskiy nomi bilan ochilgan ushbu oliygoh 2012-yildan hukumat qarori bilan O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti nomi bilan faoliyat yuritib kelyapti.Institut mamlakatning san’at va madaniyat sohasidagi yetuk kadrlarni tayyorlashga ixtisoslashgan bo‘lib, uning asosiy vazifasi san’at, madaniyat va musiqa sohasida oliy saviyada ta’lim berishdir. Bugungi kunda oliygohda 28 ta bakalavriat va 19 ta magistratura ta’lim yo‘nalishi hamda 2 ta ixtisoslik ilmiy kengashi mavjud.

Bundan tashqari, 4 ta fakultet birlashtirilgan alohida magistratura yo‘nalishi bor. Instituti talabalarining umumiy kontingenti 5500 dan ortiq bo‘lib, 300 ga yaqin professor o‘qituvchilar faoliyat yuritib kelmoqda.San’at o‘ziga xos soha bo‘lgani uchun uni tanlagan insondan ham fidokorlikni talab qiladi. San’atdan boshqa har qanday sohani tanlab, o‘z ustida ishlagan inson kuchli mutaxassis bo‘lishi mumkin, lekin san’atda o‘ziga xos iste’dod va katta tajriba bo‘lishi kerak. Shuning uchun ham kirish imtihonlarida abituriyentlarni saralashda mamlakatimizda xizmat ko‘rsatgan, xalq artistlari yoki madaniyat xodimlari ham ekspert sifatida ishtirok etib, imtihonlarni adolatli va shaffof o‘tishiga o‘z hissalarini qo‘shadi. 

– Kadrlarni tayyorlashda xalqaro hamkorlik masalalari qanday yo‘lga qo‘yilmoqda? 

– Bugungi kunda ko‘plab davlatlar o‘rtasidagi katta-katta strategik aloqalar madaniy aloqalar orqali tiklanadi. O‘zbekiston ham qaysi davlat bilan iqtisodiy aloqalarni yo‘lga qo‘ysa, albatta o‘sha xalqning san’ati va madaniyati bilan hamohang holda tadbirlar tashkil qiladi.

Shu qatorda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida 2023-yilga qadar 15 ta xorijiy davlat bilan o‘zaro shartnomalar 21 tani tashkil qilgan bo‘lsa, 2023-yil yakuniga qadar mazkur shartnomalar soni 55 taga yetdi. Shuningdek, Janubiy Koreya, Xitoy, Angliya, AQSH, Fransiya hamda Rossiya davlatlari bilan o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yganmiz. 2023-yilning noyabr oyida Koreyada dunyoning “TOP – 1000" oliygohlari reytingidan o‘rin olgan universitetlar bilan memorandum imzolandi. Hamkorlik doirasida institutimiz talabalari yarim yil mobaynida Koreyada tahsil olishi mumkin. Bundan tashqari, Koreyaning San Mun universiteti bilan ham memorandum imzolandi. 

Shuningdek, Italiya bilan hamkorlik vokal va opera san’atining rivojiga xizmat qilmoqda. Xususan, o‘tgan yili O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutiga italiyalik noshir Sandro Teti tashrif buyurdi. Tashrif davomida ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy aloqalar muhokama qilindi. Bundan tashqari, institutimizning bir qator professor-o‘qituvchilari va magistrantlaridan iborat delegatsiya Qirg‘iz-Turk Manas universitetida amaliyot dasturi bo‘yicha tadbirlarda ishtirok etdi. Institutimiz talabalari uchun O‘zbekistondagi Fransiya elchixonasi tashabbusi bilan Fransiyaning “Les Ateliers Varan” hujjatli filmlar maktabi a’zosi, rejissyor David Treitiakoff tomonidan ikki hafta mobaynida mahorat darslari o‘tkazildi. 

Suhbatning davomini quyidagi havola orqali tomosha qilishingiz mumkin. 

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/HITZ1_bpvP4" title="&quot;Yoshlar ikki oy o‘qib san’atkor bo‘lib ketaversa, o‘zbek san’ati juda katta muammoga duch keladi&quot;" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>

Marhabo Madaminova suhbatlashdi. O‘zA