French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Inson - aziz, xotira - muqaddas
10:45 / 2021-04-30

Davlatimiz rahbarining 2021 yil 20 apreldagi "Xotira va Qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq, mamlakatimizning barcha hududlarida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, uchrashuvlar bo‘lib o‘tmoqda.

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi va uning joylardagi bo‘linmalari tomonidan ham qutlug‘ sanaga bag‘ishlab ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda. Bu jihatlar markazning Navoiy viloyati bo‘linmasi faoliyatida ham o‘zining yaqqol ifodasini topmoqda.

G‘alabaning 76 yilligi oldidan viloyat ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi, Nurota tumani ma’naviyat va ma’rifat bo‘linmasi tomonidan "Siz hamisha e’zozdasiz" shiori ostida ko‘plab loyihalar o‘tkazilmoqda. Bo‘lim mutaxassislari G‘ozg‘on shahrida istiqomat qilayotgan Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Tursunqul bobo Ergashev xonadonida bo‘lib, u kishi holidan xabar oldi. Viloyat madaniyat boshqarmasidan tashrif buyurgan san’atkorlar tomonidan ko‘ngilni xushnud etuvchi dilrabo kuylar ijro etildi. Shaharning 1-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘quvchilari tomonidan esa otaxonning uy yumushlariga ko‘maklashildi.

Qutlug‘ sana munosabati bilan Karmana tumani Do‘rmon mahallasida istiqomat qilib kelayotgan Pirnazar bobo Turdiyev xonadonida tuman ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi rahbari B.Savurov, tuman Yoshlar ittifoqi raisi O.Normuhammedov boshchiligida bir guruh o‘quvchi-yoshlar mehmon bo‘ldi. Garchi urushning g‘oyat uqubatli xotiralarini otaxon ko‘p ham so‘zlashni istamasa-da, tarixning o‘sha qora kunlari har birimizni tinch va osoyishta hayotning qadriga yetishga undashi bilan ham qadrlidir.

Ikkinchi jahon urushida mardlarcha qahramonlik ko‘rsatgan faxriylarimizning yurtimiz tinchligi uchun chekkan zahmati, hayot qiyinchiliklarini sabot bilan yengishi biz uchun haqiqiy jasorat va fidoyilik timsolidir.

N.Usmonova, O‘zA