Qaror va sharh
Yarim tun. Qishloqda yer qimirladi. Atrofda itlar akkilaydi, qo‘radagi mol-qo‘ylar bezovtalanadi. Odamlar hovlilariga ko‘chib chiqqan. Nabirasini choponiga o‘rab o‘tirgan otaxon boshqalarni tinchlantiradi. O‘zi esa tomorqadagi ko‘lmakka tikiladi. Suv betida oy bezovta – vahimali chayqaladi.
Shu holat shaharda – ko‘p qavatli binolar joylashgan mahallalarda bo‘lsa nima bo‘ladi? Hammaning tezgina hovliga chiqish imkoni yo‘q. Qaysidir qavatda o‘tirganlar qandilning chayqalishidan qo‘rquvga tushadi. Chorasizlik... Vahimaning tezroq o‘tib ketishini so‘rab duo qiladi.
O‘zini asraganni Alloh saqlaydi. Bugun ko‘p qavatli turar joy binolari, ijtimoiy soha obyektlari, umumfoydalanuvdagi inshootlarni qurishda barcha standart talablarga rioya qilinishi juda muhim. Bunyodkorlik talablariga amal qilmaslikning oqibatlari og‘ir. Atrofga qarab, boshqa davlatlardagi yer silkinishlaridan keyin nimalar bo‘lganidan xulosa chiqarish lozim. Zero, ko‘pni ko‘rib shukr, atrofga qarab fikr qilish zamonning talabidir.
Xususan, seysmik xavfsizlikni ta’minlash sohasini doimiy takomillashtirib borish kerak. Mavjud va qurilayotgan bino-inshootlarning seysmik mustahkamligini ta’minlash, zilzilani prognozlash, monitoring qilish hamda unga tayyorgarlik ko‘rishda davlat organlari va tashkilotlarining o‘zaro aloqalarini kuchaytirish muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 17-aprelda “Bino va inshootlarning zilzilabardoshligini oshirish hamda seysmik xavfni monitoring qilish faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Mazkur hujjat seysmik xavfsizlikni ta’minlash sohasiga zamonaviy yondashuvlarni joriy qilish, bino va inshootlarning zilzilabardoshligini yanada oshirish, kuchli zilzilalarni prognoz qilishning yangi usullarini ishlab chiqishda muhim ahamiyatga ega.
Qaror bilan 2024-yil 1-iyundan boshlab MSK-64 shkalasi bo‘yicha 8 va undan yuqori ballik seysmik faol zonalarda yangi qurilishi rejalashtirilayotgan 5 qavatdan yuqori tibbiyot obyektlari hamda 9 qavatdan yuqori binolarni aktiv seysmik himoyalash qurilmalari, shu jumladan, seysmoizolyatsiya va dempfer uskunalari bilan loyihalash amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi. Aktiv seysmik himoyalash qurilmalarini o‘rnatish qurilish ishlariga mas’ul bo‘lgan buyurtmachi tashkilotlar tomonidan moliyalashtirilishi belgilandi.
– Yer qimirlab, yerosti to‘lqinlari binolarga ta’sir qilganida seysmik himoyalash qurilmalari yordamida to‘lqinlar ta’siri kamayadi, – deydi Toshkent arxitektura-qurilish universiteti rektori vazifasini bajaruvchi Bahrom To‘laganov. – Bu ko‘p qavatli uylarni himoyalashda ahamiyatga ega. Maktab, bog‘cha, shifoxona va administrativ boshqaruv binolari mana shunday qurilmalar bilan ta’minlanishi kerak. Qarorda Toshkent arxitektura-qurilish universiteti huzurida seysmik xatarni yumshatish, bino va inshootlarni texnik baholash bo‘yicha yangi o‘quv, ilmiy va amaliy markaz tashkil etish ko‘zda tutilgan. Bu markazga bino va inshootlarni texnik baholash hamda mobil baho berish bo‘yicha yuqori salohiyatli mutaxassislar guruhi jalb qilinadi. Tegishli tadqiqotlar olib borish uchun uning moddiy-texnika bazasini yaratish ko‘zda tutilgan.
Qarorga ko‘ra, 2024-yil 1-iyuldan boshlab yangi qurilishi rejalashtirilayotgan xavflilik omili III–IV toifa bo‘lgan obyektlarga bino va inshootlarning yuk ko‘taruvchi konstruksiyalarini avtomatik monitoring qilish uskunasini o‘rnatish majburiy etib belgilandi.
Bino va inshootlarning yuk ko‘taruvchi konstruksiyalarini avtomatik monitoring qilish uskunalaridan olinadigan ma’lumotlarning yagona bazasini yuritish orqali monitoring qilish tartibi joriy etilmoqda.
MSK-64 shkalasi bo‘yicha 5 va undan yuqori ballik yer silkinishi sodir bo‘lganda bino va inshootlarning holati bo‘yicha yuk ko‘taruvchi konstruksiyalarni avtomatik monitoring qilish uskunalaridan olingan ma’lumotlar tezkor ravishda tahlil qilinadi.
– Mamlakatimiz seysmik faol hududda joylashgan, – deydi Fanlar akademiyasi Seysmologiya instituti laboratoriya mudiri Ulfat Nurmatov. – Bu seysmik holatni doimiy kuzatib, o‘rganib borishni taqozo qiladi. Qarorga ko‘ra, 2024-yil 1-iyundan boshlab respublika hududida bo‘lib o‘tgan zilzilalar monitoringi, ularning ilmiy tahlili va faol tektonik yer yoriqlarining harakatlari orqali yaqin kelajakda kutilayotgan kuchli zilzila xavfi bor hududlarni aniqlash amaliyoti joriy etiladi. Bu bo‘yicha raqamli ma’lumotlar bazasini shakllantirish va qayta ishlash yo‘lga qo‘yiladi.
Qator rivojlangan davlatlarda binolarni gaz va elektr tarmoqlaridan bloklab qo‘yish tizimi qo‘llanilgan holda bunyod etish amaliyoti joriy qilingan. Bu zilzila paytida inshootlar poydevorida kutilmagan chaqnash va portlashlar xavfidan asraydi.
2024-yil 1-iyundan boshlab yangi qurilishi rejalashtirilayotgan xavflilik omili III–IV toifa bo‘lgan obyektlarda gaz va elektr tarmoqlarini kuchli zilzila paytida avtomatik bloklash tizimi bilan loyihalash tartibi joriy etiladi. Bunda, seysmik faol zonalarda yangi qurilishi rejalashtirilayotgan xavflilik omili III–IV toifa bo‘lgan obyektlarning loyiha-smeta hujjatlari ularda kuchli zilzila sodir bo‘lganda gaz va elektr tarmoqlarini avtomatik bloklash tizimi mavjud bo‘lgan hollardagina shaharsozlik hujjatlari ekspertizasidan o‘tkazilishi belgilandi.
Shuningdek, sodir bo‘lgan zilzilalar va fasllardagi namgarchiliklar ta’siridan cho‘kkan hamda deformatsiyalar paydo bo‘lgan bino va inshootlarni mustahkamlash ishlariga ilg‘or, zamonaviy va xavfsiz yondashuvlarni joriy etish ko‘zda tutilgan.
– Qaror bilan joylarda zilzilaga tayyorgarlik ko‘rish rejalarining tegishli tartibda oldindan ishlab chiqilishi belgilangan, – deydi Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasi bo‘lim boshlig‘i Bobomurod Qurbonov. – Ushbu rejalarga muvofiq, kuchli zilzilalarga oid prognozlar olinganda aholini tayyorlash, xavfsizligini ta’minlash choralari ko‘riladi. Xususan, o‘tkaziladigan maxsus taktik mashg‘ulotlar maqsadli va aniq rejalar asosida olib boriladi. Maxsus o‘quvlarda aholi zilzila paytida va undan keyin qanday harakatlanishi kerakligi haqida xabardor qilinadi.
Fanlar akademiyasi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Zilzila muhandisligi olimlari assotsiatsiyasi tashkil etiladi. Assotsiatsiya tomonidan har chorakda tayyorlanadigan takliflar Respublika kengashi tomonidan har yarim yilda muhokamadan o‘tkaziladi. Asoslangan takliflar esa zudlik bilan amalga oshirilishi ta’minlanadi.
Bu o‘rinda seysmik xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar mohiyatini keng jamoatchilikka tushunarli tarzda yetkazish muhim ahamiyatga ega. Shunday ekan, mavzu doirasida turkum va doimiy materiallar tayyorlab o‘quvchilarga yetkazib borish lozim.
Ikrom AVVALBOEV,
O‘zA muxbiri