French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Inshootlarda 3 milliard 445 million metr kubdan ziyod tabiiy gaz jamlandi
10:26 / 2023-11-07

“O‘ztransgaz” aksiyadorlik jamiyati tizimida kuz-qishga tayyorgarlik ishlari belgilangan reja asosida tizimli olib borildi.

Bu haqda  “O‘ztransgaz” aksiyadorlik jamiyati axborot xizmati  rahbari Shahnoza Ravshanova AOKAda o‘tkazilgan brifingda  ma’lum qildi.  

Axborot xizmati rahbarining ta’kidlashicha, joriy yilda 106 kilometrdan ortiq yangi magistral gaz quvurlari qurilgan. Jumladan, “Farg‘ona-Rishton” hamda “Buxoro-Ural” magistral gaz quvurlari bo‘ylab 39 km. hamda 22 km. uzunlikda yangi tarmoqlar barpo etilgan. “Yangiyer-Ohangaron” yo‘nalishida 32 km.ga yaqin quvur tortilgan.  

– “Sho‘rtan-Sirdaryo” magistral gaz quvuri bilan “Shirin” GTSni bog‘lovchi 4,7 km, “Yangi Andijon” gaz taqsimlash stansiyasiga keltiruvchi 2,2 km. gaz quvuri qurilgani ham shular jumlasidandir. Gaz transport tizimining ishonchli va xavfsiz ishlashini ta’minlash maqsadida magistral gaz quvurlarida diagnostika ishlari bajarildi. Shunday tadbirlar natijasida aniqlangan 54 km. nuqsonli qismlar almashtirildi. Ta’mirlangan uchastkalarda ishchi bosim ko‘rsatkichlari 1,5 barobarga oshirildi.  

Magistral gaz quvurlaridagi 5,5 mingga yaqin berkitish moslamasi taftish qilindi. Nuqsonli moslamalar almashtirildi. Quvurlarning yer ustidan havolab o‘tgan 400 ga yaqin tayanchi, avtomobil va temir yo‘llar bilan kesishgan qariyb 600 ta qismi tekshirib ta’mirlandi.  

Tizimda mavjud 427 ta gaz taqsimlash va o‘lchash stansiyasidagi 2100 taga yaqin bosim rostlovchi moslama, tozalash filtrlari va isitish qurilmalari tekshiruvdan o‘tkazilib, nuqsonlilari almashtirildi. 250 dan ortiq berkitish moslamasi ta’mirlandi.  Andijonda ulgurji iste’molchilar uchun yangi “Asaka-2" gaz taqsimlash stansiyasi ishga tushirildi,  – dedi Sh. Ravshanova.  

Brifingda joriy yildagi muhim tadbirlardan yana biri “Xiva-Beyneu” magistral gaz quvurining 307-kilometrida “Qoraqalpog‘iston” gaz o‘lchash stansiyasining qurilgani va u  joriy yil 7 oktyabr kuni  foydalanishga topshirilgani aytib o‘tildi. Shuningdek, kompressor stansiyalarida ham qator tadbirlar amalga oshirilgan.  

Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik jarayonida jamiyat tizimidagi gazni yer ostida saqlash inshootlariga qariyb 3,5 milliard metr kub tabiiy gaz jamlash rejalashtirilgan edi. 6 noyabr holatiga ko‘ra, inshootlarda 3 milliard 445 million metr kubdan ortiq tabiiy gaz jamlandi. “Xo‘jaobod” gazni yer ostida saqlash inshootida faol gaz saqlash hajmini oshirishga oid loyiha doirasida 5 ta quduq burg‘ilangan.  

 

N.Ziyodullayeva,  O‘zA