Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“InnoWeek.uz – 2023” hududiy innovatsion g‘oyalar haftaligi
11:58 / 2023-10-17

Navoiy shahridagi Yoshlar markazida “Kreativ ta’lim va innovatsiyalar – Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining asosi” shiori ostidagi “InnoWeek.uz – 2023” hududiy innovatsion g‘oyalar haftaligining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Bugun Navoiy viloyatida ham innovatsion texnologiyalarni keng joriy etish, innovatsion faoliyatni yanada rivojlantirish va hududni innovatsion makonga aylantirishni jadallashtirish bo‘yicha ishlab chiqilgan chora-tadbirlar dasturiga asosan loyihalarning manzilli yo‘nalishlari shakllantirildi.  

Jumladan, Karmana va Qiziltepa innovatsion tumanlari uchun umumiy qiymati 26,4 milliard so‘mlik 26 ta tijoratlashtirish, startap hamda ilmiy loyiha shakllantirilib, Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan moliyalashtirildi. Ayni paytga qadar mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan hudud iqtisodiyotida mavjud muammolar yechimiga qaratilgan tayyor ilmiy innovatsion ishlanmalarni amaliyotga joriy qilish uchun 8 ta loyihaga 1 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.  

[gallery-14064]

Yuqoridagi loyihalarni amalga oshirish orqali viloyatda yangidan 250 taga yaqin doimiy hamda 50 taga yaqin mavsumiy ish o‘rni yaratildi.  

Shuningdek, viloyatda ilm-fan va innovatsiyalarning rivojlanishi uchun keng imkoniyatlar va shart-sharoitlar yaratib berilib, Navoiy konchilik va texnologiyalar universiteti hamda Navoiy davlat pedagogika instituti jamoalari tomonidan bu borada tadqiqotlar olib borilmoqda.  

– Murakkab geotexnologik quduqlarda qumlanishga va gazlanishga qarshi kurashish qurilmasi ustida ish olib borib, Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligidan patent oldik, – deydi Navoiy konchilik va texnologiyalar universiteti dotsenti Oybek Qurbonov. – Qurilmamiz konchilik sanoatiga tegishli bo‘lib, geotexnologik quduqlarni o‘zlashtirish, quduqlardagi qumlanishga va gazlanishga qarshi kurashish uchun ishlatilishi mumkin. Uskunaning vazifasi esa yuqori gazlangan va qattiq zarrachalarning miqdori nisbatan ko‘p bo‘lgan tarkibli suyuqlikka ega bo‘lgan geotexnologik nasos va quduqlarda nasos agregatlarining ish samaradorligini oshiradi. Ushbu qurilmamizning ish jarayoni esa quyidagicha: tarkibida gaz va qattiq zarrachalar bo‘lgan mahsuldor eritma filtrlangan zona orqali quduq bo‘shlig‘iga kiradi va gidrostatik, gidrodinamik bosim ta’sirida yuqoriga ko‘tariladi. Eritmani yuqoriga ko‘tarishda qattiq zarrachalarning bir qismi og‘irlik kuchi ta’sirida qisman quduq tubiga cho‘kadi.  

Ko‘rgazmada ko‘pchilikning e’tiborini tortgan loyihalardan biri “Energiya tejamkor, issiqlikka izolyatsion, siqilishga bardoshli polimer betonlar uchun mahalliy xomashyolar asosida zamonaviy plastifikatorli yelimlar olish” loyihasi bo‘ldi.  

– Loyihamizning tashabbuskori Navoiy davlat pedagogika instituti hisoblanadi, – deydi loyiha mualliflaridan biri Shavkatjon Sultonov. – Loyihamizdan kutilayotgan natijalar shundan iboratki, polimerli chiqindilar qovushqoqligini oshiruvchilar importini qisqartirish bo‘lib, bu borada respublika bo‘yicha ehtiyojni kamida 65-70 foizga ta’minlash mumkin. Loyiha doirasida 32 ta yangi ish o‘rni yaratilib, ijtimoiy daftarlarga kiritilgan yoshlar ish bilan ta’minlanadi. Biz tomondan ishlab chiqariladigan komponentlar mahalliylashtirilgan bo‘lib, import qilinadigan plastifikatorlarning o‘rnini to‘liq egallay oladi.  

“Kreativ ta’lim va innovatsiyalar – Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining asosi” shiori ostidagi “InnoWeek.uz – 2023” hududiy innovatsion g‘oyalar haftaligi davom etmoqda.  

 

A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat),  

O‘zA muxbirlari.