Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“InnoWeek.Uz-2021” xalqaro innovatsion g‘oyalar haftaligi o‘z ishini yakunladi
18:14 / 2021-11-27

O‘tgan bir hafta davomida Innovatsion rivojlanish vazirligi nafaqat O‘zbekiston, balki xorijiy ilm-fan namoyondalari, olimlar, tadqiqotchilar, yirik kompaniyalar uchun ilm-fan va innovatsiyalarni bir joyga jamlagan makonga aylandi.

 Mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarining diqqat markazida bo‘ldi. Haftalik davomida o‘tkazilgan turli tadbirlar, musobaqalar, anjumanlar va taqdimotlar tashrif buyuruvchilarda katta taassurot uyg‘otdi.  

“InnoWeek.Uz-2021”xalqaro innovatsion g‘oyalar haftalik tadbirlarida 30 mamlakatdan 131 nafar xorijlik mehmonlar hamda 380 ta tashkilotlar va korxonalardan jami  20 ming ishtirokchi qatnashdi.

“InnoWeek.Uz-2021” xalqaro innovatsion g‘oyalar haftaligi “Pandemiyadan keyingi davr uchun innovatsiyalar: yashil texnologiyalar, sun’iy intellekt, texnologik inqilob, startap ekotizimi” shiori ostida ish boshladi va haftalik doirasida 10 dan ortiq tadbirlar va konferensiyalar tashkil etildi. Xususan, “Postpandemiya davri uchun innovatsiyalar va investitsiyalar forumi”, “Sun’iy intellekt – texnologik rivojlanish asosi”, “Vodorod texnologiyalari, qayta tiklanuvchi energiya manbalari va energiya tejamkorlik sohasida ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish” hamda “Tadqiqotlarni tijoratlashtirish va texnologiya transferining innovatsion strategiyalari” bo‘yicha xalqaro miqyosdagi olimlar va mutaxassislarni jalb qilgan holda dolzarb mavzular ko‘tarildi va ularga yechim topishda harakatlar strategiyasi ko‘rib chiqildi.

Haftalik davomida “Technoways” texnologik rivojlanish marafoni va “Innovatsion g‘oyalar yetakchisi” ko‘krak nishoni g‘oliblari ham taqdirlandi. Shuningdek, Xalqaro robototexnika musobaqasi va 5-Turkiy dunyo bolalarining fan va madaniyat festivali ham o‘tkazildi.

– “Technoways” marafoni doirasida ko‘plab yangiliklarga guvoh bo‘ldik, – deydi Innovatsion rivojlanish vaziri, akademik Ibrohim Abdurahmonov. – Ilm-fanda yangilik bo‘ladigan bir qancha g‘oyalar bilan tanishdik. Buni tashrif buyurgan barcha mehmonlar, mutaxassislar ta’kidlamoqda. Bu esa ilm-fanga bo‘lgan ishonchimizni oshirdi. Ayniqsa, haftalikda yoshlarimizning ishtiroki keng qamrovli bo‘lgani kishini quvontiradi. Tadbirga kelgan mehmonlar, mutaxassis olimlar shunchaki g‘oyalarni emas, innovatsiyaga aylangan ishlarni, innovatsiyaga aylanishga tayyor bo‘lgan ishlanmalar bilan tanishdi. Maqsadimiz ham aynan shundan iborat edi. G‘oyalar uchun, startaplar uchun alohida tadbirlar tashkil qilinadi. Buni biz an’anaga aylantirmoqchimiz.

Mazkur haftalikda O‘zbekiston innovatsion texnologiya sohasida yuqori o‘rinlarda turuvchi davlatlar bilan o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yib, ushbu sohada yaratilgan yangi texnologiya va yutuqlar borasida tajriba almashish, texnologiyalar transferini amalga oshirish borasida qator xorijiy davlatlar bilan ilm-fan, innovatsiyalar va texnologiyalar sohasida hamkorlik olib borishga kelishib olindi. Shuningdek, ushbu mamlakatlar delegatsiyalari haftalik davomida bo‘lib o‘tgan tadbirlarda ishtirok etdi. Bundan tashqari, xorijiy kompaniyalar bilan bir qator shartnoma va memorandumlar imzolandi.

Shu bilan birga innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilmiy-texnik axborot markazi tomonidan yo‘lga qo‘yilgan O‘zbekistonning ilmiy salohiyatiga oid barcha ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan “Milliy ilmiy portal” hamda Innovatsion rivojlanish vazirligining yangilangan sayti taqdimoti bo‘lib o‘tdi.  

Tijoratlashtirish forumi doirasida tijoratlashtirishgacha tayyorlash loyihalari natijasida erishilgan innovatsion mahsulot va texnologiyalar ko‘rgazmasining eng yaxshi ishtirokchilari taqdirladi. Shuningdek,  Ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida e’lon qilingan loyihalar tanlovlari g‘oliblarini taqdirlash marosimi ham o‘tkazildi. Vazirlik tomonidan e’lon qilingan “Startap loyihalar tanlovi” g‘oliblariga grant mablag‘lari topshirildi. “Eng yaxshi innovatsion mahsulotlari” tanlovi doirasida ko‘rgazma ishtirokchilarining eng yaxshi startap loyihalari taqdirlandi.

Haftalik to‘g‘risida xorijiy internet OAVlarida 40 dan ortiq materiallar chop etildi.  

Muhayyo Toshqorayeva,

O‘zA