Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Innovatsiyalar ― taraqqiyotning muhim omili
20:17 / 2015-05-19

Toshkentda VIII Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar respublika yarmarkasi ochildi

Toshkentda VIII Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar respublika yarmarkasi ochildi

O‘zbekistonda innovatsiya faoliyatini rivojlantirish istiqbollari yildan-yilga kengayib bormoqda. Zamonaviy ilm-fan yutuqlaridan samarali foydalanish, yangi texnologiyalar va innovatsion mahsulotlar yaratilishi ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash ichki hamda tashqi bozorga raqobatbardosh mahsulotlar chiqarish ko‘lamini kengaytirish imkonini bermoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi tomonidan tashkil etilgan yarmarka ilm-fan va ishlab chiqarish o‘rtasidagi kooperatsiya aloqalarini mustahkamlashga xizmat qilayotir. Unda vazirliklar, idoralar, banklar, iqtisodiyotning barcha tarmoqlari korxonalari, jumladan, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari, fermer xo‘jaliklari, Fanlar akademiyasining ilmiy-tadqiqot institutlari, oliy o‘quv yurtlari vakillari faol ishtirok etmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi prezidenti Shavkat Solihov va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida ilmiy va innovatsiya faoliyatining har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotgani mamlakatimiz iqtisodiy taraqqiyoti, ilmiy-tadqiqot ishlari, intellektual mulkni yanada rivojlantirish va himoya qilish, yangi ixtirolarni amaliyotga joriy etish, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish, tabiiy resurslarni tejash, ekologik barqarorlikni mustahkamlashda muhim omil bo‘lib xizmat qilayotganini ta’kidladi. Davlatimiz rahbarining 2008-yil 15-iyuldagi “Innovatsion loyihalar va texnologiyalarni ishlab chiqarishga tatbiq etishni rag‘batlantirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori va shu yil 4-martdagi 2015-2019-yillarda tarkibiy o‘zgarishlarni ta’minlash, ishlab chiqarishni modernizatsiya va diversifikatsiya qilish chora-tadbirlari dasturi to‘g‘risidagi farmoni bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

Mamlakatimizda innovatsiya faoliyatining rag‘batlantirilayotgani avval o‘tkazilgan yarmarkalar natijalarida ham yaqqol ko‘rinadi. Innovatsiya yarmarkalarida mamlakatimiz ilm-fani salohiyati yuqoriligi va milliy ishlanmalar xorijnikidan aslo qolishmasligi, hatto ko‘plab ko‘rsatkichlar bo‘yicha ulardan ustunligi o‘z ifodasini topmoqda.

VIII Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar respublika yarmarkasida sanoat, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, axborot texnologiyalari va ilm-fan kabi yo‘nalishlarda qariyb besh yuzta innovatsiya loyihasi namoyish etilmoqda. Bular mamlakatimiz olimlari, mutaxassislari va ixtirochilarining mutlaqo yangi ishlanmalaridir.

Energetika va avtomatika institutining ilmiy xodimlari energiya tejash va muqobil energetika bo‘yicha innovatsiya ishlanmalarini taqdim etgan. Masalan, bir guruh olimlar tomonidan charxpalak yoki gidravlika turbinasi yordamida ishlaydigan mikrogidroelektr stansiya yaratildi. U olis aholi punktlari, yaylovlar, gidrometeostansiyalar va boshqa joylarni uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash uchun mo‘ljallangan.

– MikroGES ekologik jihatdan tabiiy landshaft va atrof-muhit tozaligini saqlaydi, – deydi loyiha mualliflaridan biri, kichik ilmiy xodim Dilshod Qodirov. – Stansiyaning dastlabki tajriba namunasi O‘rta Chirchiq tumanidagi fermer xo‘jaliklaridan birida o‘rnatildi va energiya ishlab chiqishda o‘z samarasini ko‘rsatmoqda.

Bu yilgi yarmarkada bir qancha yangi yo‘nalishlar tashkil etildi. Xususan, ilmiy muassasalar va oliy o‘quv yurtlari tomonidan yaratilgan ilg‘or texnologiyalarga mamlakatimiz va chet el ishlab chiqaruvchilarining e’tibori hamda investitsiyalarini jalb qilish maqsadida «Yuqori texnologiyalar» (Hi-Tech) yo‘nalishi faoliyat ko‘rsatmoqda. Bu yerda hujayra texnologiyalari, farmatsevtika, AKT bo‘yicha innovatsiya ishlanmalari va boshqa yangiliklar namoyish etilmoqda.

So‘nggi yillarda yarmarka tashkilotchilari muqobil energiya manbalari namoyishiga alohida e’tibor qaratmoqda. Sanoat korxonalari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari uchun yana bir yangi – «Energiya va resurs tejaydigan texnologiyalar» bo‘limi tashkil etildi. Bu bo‘limda energetika resurslarini tejash, qayta tiklanadigan energiya, energiya iqtisod qiladigan bino va inshootlardan foydalanishning samarali uslublari, energetika auditi bo‘yicha ishlanmalar taqdim etilgan.

Yarmarkada namoyish etilayotgan nanotexnologiyalarni kelajak texnologiyalari, deb bemalol atash mumkin. O‘zbekiston olimlari ilm-fanning ushbu yangi sohasida faol tadqiqotlar olib borayotir va ularning natijalari ham yarmarkada taqdim etilgan. Jumladan, Farg‘ona politexnika instituti ilmiy bazasida xorijiy investitsiyani jalb etgan holda tashkil qilingan «Maidaizol-Invest» mas’uliyati cheklangan jamiyati nanozarrachalardan energiya tejaydigan himoya qoplamasini ishlab chiqdi. Institut ilmiy bo‘limi rahbari, professor Sirojiddin Ergashevning aytishicha, bu modda oddiy bo‘yoqqa o‘xshash bo‘lib, turli texnologik qurilmalarga surtiladi. Nanoqoplama besh daqiqa ichida qotadi va issiqlik energiyasini ishonchli saqlaydi. Qalinligi bir millimetr bo‘lgan qatlam 650 gradus issiqlikka bardosh bera oladi. Eski issiqlik izolyatorlari – penoplast va shishali paxta besh santimetr qalinlikda o‘ralgan taqdirdagina shunday natija berishi mumkin. Qolaversa, farg‘onalik olimlar yaratgan innovatsiya boshqa izolyatorlarga nisbatan 2-3 baravar arzon.

Ta’kidlash joizki, navbatdagi yarmarkada «Yoshlarning innovatsiya g‘oyalari» respublika ko‘rik tanlovi g‘oliblarining ishlanmalari keng namoyish etilmoqda. Ushbu ishlanmalarni saralashda ularning amaliyotga tatbiq etishga tayyorligi, energiya va material tejamkorligi, mahalliy xomashyodan foydalanish, bozorga yangi mahsulot chiqarish imkoniyati kabi omillarga alohida e’tibor berildi.

Yarmarkaning ochiq maydonida innovatsiyalarning haqiqiy musobaqasi bo‘lib o‘tdi. Andijonlik yosh ixtirochi Oybek Umarov va Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetining Bekzod Yunusov rahbarligidagi bitiruvchilari o‘zlari ixtiro qilgan elektromobillarni namoyish etdi.

– Biz yaratgan elektromobil turizm sohasi uchun juda qo‘l keladi, – deydi B.Yunusov. – Batareyaning to‘liq quvvati 80 kilometrgacha yo‘lni bosib o‘tish uchun bemalol yetadi. Mamlakatimizda quyoshli kunlarning ko‘pligi avtomobillarga quvvat berish uchun qulay imkoniyat yaratadi. Hozir patent olish uchun hujjat tayyorlayapmiz va ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun quyosh energiyasi yordamida harakatlanadigan elektromobillar va mikroavtobuslar yaratishni rejalashtirmoqdamiz.

Yarmarka doirasida, an’anaga ko‘ra, mamlakatimiz sanoat korxonalari ishlab chiqarishga innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalarni tatbiq etish samaradorligi to‘g‘risida taqdimotlar o‘tkazmoqda.

Yarmarkaning dastlabki kunida korxonalar va loyihachilar o‘rtasida mahsulot va texnologiyalarni xarid qilish yoki joriy etish bo‘yicha qiymati 3 milliard so‘mlikdan ortiq 140 dan ziyod shartnoma imzolandi.

Yarmarkaning ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari A.Ikromov va U.Rozuqulov so‘zga chiqdi.