Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Innovatsiya va yashil texnologiyalar yo‘lida
18:28 / 2026-01-20

Jizzax politexnika instituti xalqaro hamkorlik va innovatsion rivojlanish yo‘lida navbatdagi muhim qadamni tashladi. Koreya Respublikasidan tashrif buyurgan Jinvu Kvak (Jinwoo Kwak) — Disquiet akselerator kompaniyasi bosh ijrochi direktori (CEO) va Xallim (Hallym) universiteti startap biznesi bo‘yicha professori institut mehmoni bo‘ldi.

Disquiet akseleratori Koreya Respublikasida startaplar va innovatsion loyihalarni rivojlantirishga ixtisoslashgan platforma bo‘lib, yosh tadqiqotchilar va texnologik tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash, ularni bozorga chiqarishga ko‘maklashish bilan shug‘ullanadi.

Uchrashuvning asosiy maqsadi — ikki tomonlama hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va kelgusidagi strategik rejalarni belgilab olishdan iborat bo‘ldi. Muzokaralar davomida qo‘shma ilmiy laboratoriyalar tashkil etish, 2+1+1, 3+1 va 2+2 formatlarida qo‘shma ta’lim dasturlarini joriy etish, shuningdek, Koreya–O‘zbekiston “Drone” ta’lim markazini tashkil etish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Qayd etilishicha, “Drone” ta’lim markazi uchuvchisiz uchish apparatlarini loyihalash, boshqarish va ulardan amaliy sohalarda samarali foydalanish bo‘yicha mutaxassislar tayyorlashga qaratilgan o‘quv-tadqiqot maydoni bo‘ladi. Ushbu markaz orqali dron texnologiyalarini qishloq xo‘jaligi, ekologiya, kartografiya va “aqlli shahar” loyihalarida qo‘llash bo‘yicha zamonaviy bilim va amaliy ko‘nikmalarni shakllantirish ko‘zda tutilmoqda.

[gallery-27218]

Shuningdek, tomonlar KOICA dasturi doirasida hamkorlik mexanizmlari, talabalarning Koreya Respublikasida semestr o‘qishi, stajirovka va ish faoliyati orqali xalqaro tajriba orttirib, keyinchalik O‘zbekistonda faoliyat olib borish modeli yuzasidan ham fikr almashdilar. Bu yondashuv ilm-fan va ta’lim sohasidagi xalqaro tajribani mahalliy taraqqiyotga samarali integratsiya qilishga xizmat qiladi.

Uchrashuvda dron texnologiyalarining yashil texnologiyalar, ekologik monitoring va barqaror rivojlanish bilan bog‘liq loyihalarda tutgan o‘rniga alohida e’tibor qaratildi. Hamkorlik yo‘l xaritasi, memorandum imzolash jarayoni va qo‘shma ishchi guruhni tashkil etish masalalari ham muhokama markazida bo‘ldi.

Mehmonlarga oliygohning Avtomobilsozlik muhandislik maktabi faoliyati, amalga oshirilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari hamda talabalar uchun yaratilgan zamonaviy sharoitlar yaqindan tanishtirildi. Uchrashuv Jizzax politexnika institutining xalqaro ta’lim va innovatsion hamkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi muhim boshlang‘ich qadami sifatida e’tirof etildi.

A. Qayumov, J. Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari