Nukusda "Ijtimoiy innovatsiyalar va ijtimoiy tadbirkorlik dasturlari orqali yoshlarning imkoniyatlarini kengaytirish" mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vazirligi va «Sho‘rlanish sharoitida biodehqonchilik Xalqaro markazi»ning (ICBA, BAA) Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz bo‘yicha Toshkent shahridagi mintaqaviy vakolatxonasi, Orolbo‘yi Xalqaro innovatsiya markazi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda tegishli vazirlik va idoralar, ilmiy-tadqiqot institutlari, oliy ta’lim muassasalari vakillari ishtirok etdi.
Seminarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va O‘zbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vazirligining «Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi iqtisodiy va ijtimoiy sohalar va tarmoq ilmiy-tadqiqot muassasalari o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarni rivojlantirishga, zamonaviy bilim va mustaqil fikrlashga ega yuqori malakali kadrlarni tayyorlashga, yangi yondashuvlarni joriy etishga va tadqiqotlarni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan davlat ilmiy-texnik dasturlari doirasidagi loyihalarni moliyalashtirish to‘g‘risida”gi qo‘shma qarorini imzolash marosimi bo‘ldi.
Mazkur qarorga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzurida Qoraqalpog‘iston Respublikasining ilmiy faoliyatiga oid hududiy loyihalar ilmiy ekspertizasini amalga oshirish maqsadida fanlar yo‘nalishida tegishli ilmiy-texnik kengash tuzildi. Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasida kichik biznes va tadbirkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida «Startap» loyihalarini moliyalashtirish bo‘yicha hamkorlikda tanlovlar o‘tkaziladi. G‘olib bo‘lgan loyihalar Innovatsion rivojlanish vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi tomonidan moliyalashtiriladi. «Sho‘rlanish sharoitida biodehqonchilik Xalqaro markazi»ning (ICBA, BAA) bilan hamkorlikda ayollarning jamiyatdagi rolini kuchaytirish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, shu jumladan ayollar tadbirkorligini rivojlantirish bo‘yicha tadbirlar amalga oshiriladi.
[gallery-509]
Shu jumladan, ilmiy faoliyatga oid hududiy dasturlar doirasida 2020-2023 yillar mobaynida umumiy qiymati 39,2 milliard so‘mlik 26 ta amaliy va innovatsion loyihani amalga oshirish nazarda tutilgan.
–Qo‘shma qarordan ko‘zlangan asosiy maqsad olimlarimizga shart-sharoitlar yaratish, ularning loyihalarini moliyalashtirish manbalarini aniqlash, kelgusi yilda iqtisodiyotimizga yo‘naltiriladigan ishlanmalarni qo‘llab-quvvatlashdan iborat, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vaziri I. Abdurahmonov – Eng asosiysi, yoshlar g‘oyalarini tanlash va ularni moliyalashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.
Shu kuni O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligining fanlar yo‘nalishlari bo‘yicha Qaraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha Ilmiy-texnik kengashning birinchi majlisi o‘tkazildi.
Seminar doirasida O‘zbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vazirligi va «Sho‘rlanish sharoitida biodehqonchilik Xalqaro markazi»ning (ICBA, BAA) bilan hamkorlikda e’lon qilingan "Orol dengizi sho‘rlangan yerlarida innovatsion startap loyihalari tanlovi"ning Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi g‘oliblariga loyihaning maxsus sertifikatlari tantanali ravishda topshirildi.
Tadbirda startap loyihalar g‘oliblari va va boshqa ishtirokchilar o‘z taqdimotlarini namoyish etishdi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi M.Kamalov ishtirok etdi.
Dovud ABIBULLAEV, Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA