French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Innovatsiya va startaplar uchun yangi sarmoya imkoniyatlari
21:50 / 2026-02-15

Munosabat

Iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish va mamlakatning jahon moliya tizimiga izchil qo‘shilishi zamonaviy investitsiya mexanizmlarini joriy etishni talab etadi. 

Mamlakatimizda keyingi yillarda davlat siyosatining asosiy yo‘nalishi moliyalashtirish manbalarini kengaytirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va ustuvor sohalarga mahalliy hamda xorijiy kapitalni jalb etishdan iborat bo‘lmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2025-yil 26-dekabrdagi Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida kelgusi ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning asosiy yo‘nalishlari belgilab berildi. Ushbu tashabbuslar ichida “Muqobil investitsiya jamg‘armalari to‘g‘risida”gi qonunni ishlab chiqish va qabul qilish taklifi alohida ahamiyat kasb etadi.

Muqobil investitsiya jamg‘armalari noan’anaviy aktivlarga, ya’ni ko‘chmas mulk, infratuzilma loyihalari, startaplar, xususiy investitsiyalar kabi yo‘nalishlarga sarmoya kiritishga mo‘ljallangan maxsus tuzilmalardir. Bu jamg‘armalar jahon amaliyotida innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash, kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish va yirik loyihalarni moliyalashtirishda muhim o‘rin tutadi.

O‘zbekistonda bunday jamg‘armalar faoliyatini huquqiy jihatdan tartibga solish kapital bozorini rivojlantirish va iqtisodiyotning bank kreditlariga qaramligini kamaytirishga xizmat qiladi. Qonun qabul qilinsa, jamg‘armalar ishida oshkoralik, investorlar huquqlarini himoya qilish va mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish uchun qulay sharoit yaratiladi.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda investitsiya bozori barqaror o‘sishni namoyon etmoqda. Ko‘plab yangi loyihalar ishga tushdi, ming-minglab ish o‘rinlari yaratildi. “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida iqtisodiyotga 250 milliard dollar investitsiya jalb etish, asosiy fondlarga yo‘naltiriladigan mablag‘lar hajmini yil sayin oshirib borish rejalashtirilgan.

2017–2024-yillarda asosiy kapitalga kiritilgan sarmoyalar jadal oshdi. Bunda xorijiy investitsiyalar salmog‘i yuqori bo‘ldi. Shunday davrda mamlakat YAIMi deyarli ikki baravar o‘sdi. 

Bu natijalar valyuta bozorini erkinlashtirish, investitsiya qonunchiligini yaxshilash, davlat xizmatlarini raqamlashtirish, ro‘yxatga olish va litsenziyalash jarayonlarini soddalashtirish hisobiga amalga oshdi.

Shu bilan birga, investitsiyalarni moliyalashtirish asosan banklar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Davlat banklari moliya tizimi aktivlarining 65 foizini va kreditlar portfelining 69 foizini egallashi ma’lum. Kapital bozori imkoniyatlarining cheklangani yuqori xavfli yoki innovatsion loyihalarning rivojlanishiga to‘sqinlik qilmoqda.

Shu bois, muqobil investitsiya jamg‘armalari startaplar, infratuzilma, raqamli texnologiyalar va “yashil” loyihalarni moliyalashtirishda muhim vosita bo‘lishi mumkin. Ushbu yo‘nalishlar uchun uzoq muddatli va moslashuvchan moliya vositalari talab etiladi.

Murojaatnomada taklif etilgan qonun loyihasini ishlab chiqish moliya sektorini zamonaviylashtirish, investitsiya imkoniyatlarini kengaytirish va O‘zbekistonning xalqaro moliya tizimidagi o‘rnini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Qonun qabul qilinishi mamlakatda zamonaviy va raqobatbardosh investitsiya muhitini shakllantirishda muhim bosqich bo‘ladi.

Nilufar RAHMONQULOVA,

Toshkent davlat yuridik universiteti professori.

O‘zA