O‘zbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov Toshkent Xalqaro investitsiya forumida qatnashish uchun yurtimizga kelgan Saudiya Arabistoni Qirolligi investitsiyalar vaziri Xolid al Folih bilan uchrashdi.
Tomonlar ikki davlat ilm-fan, texnologiya va innovatsiya sohalaridagi hamkorlikning hozirgi holati va aloqani yanada kengaytirish istiqboli haqida fikr almashdilar. Xususan, vazir Xolid al Folih Saudiya Arabistonida 20-25 yildan buyon innovatsion ekotizimni tashkil etish va rivojlantirish bo‘yicha ulkan ishlar amalga oshirilayotgani, ushbu tajriba O‘zbekiston uchun foydali bo‘lishini aytdi. Shu bilan birga mamlakatimiz Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda Qirol Abdulla nomidagi Ilmiy-texnologik universitet, Qirol Abdulaziz nomidagi Ilm-fan va texnika shaharchasi o‘rtasida aloqa o‘rnatish olimlar, innovatsiya sohasi vakillarining bilim va tajriba almashuviga sezilarli turtki berishi mumkinligi qayd etildi.
O‘z navbatida I.Abdurahmonov ushbu yo‘nalishda ikki davlat mutaxassislari uchun qo‘shma ilmiy loyihalar, tadbirkorlar o‘rtasida esa startap loyihalar tanlovlarini tashkil etish taklifi ilgari surildi.
Shuningdek, tomonlar texnoparklar, ilm-fan va innovatsiyani qo‘llab-quvvatlovchi jamg‘armalar va venchur fondlar hamkorligini izga solish, o‘zbekistonlik olimlar uchun Saudiya Arabistonida doktorlik tadqiqoti olib borish uchun dastur shakllantirish hamda yosh olimlar uchun qirollikning ilg‘or ilmiy muassasalarida stajirovka dasturlarini tashkil etish masalalari bo‘yicha fikr almashdilar.
Uchrashuv yakunida Xolid al Folih Ibrohim Abdurahmonovni yuqoridagi kelishuvlarni hamda yangi yo‘nalishlarni muhokama qilish uchun taklif qildi. Tashrif davomida barcha tegishli tashkilot, idoralar bilan muzokaralar uyushtirishda amaliy ko‘mak berilishi ta’kidlandi.
O‘zA