Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Sirdaryo viloyati Boyovut tumanida joylashgan Agroxizmatlar ko‘rsatish markazi (AKIS) Sirdaryo filialida amalga oshirilayotgan ilmiy-tajriba ishlari va agrotexnologik yangiliklar bilan tanishdi.
Tashrif doirasida vazir markaz hududida tashkil etilgan ko‘rgazmali maydonlarda yetishtirilayotgan bug‘doy, arpa, makkajo‘xori, sabzavot, dukkakli ekinlar, soya va mevali ko‘chatlar holatini o‘rgandi. Shuningdek, 26 gektar maydonda Xitoyning “Shinjon” agrotexnologiyasi asosida parvarish etilayotgan xorijiy va mahalliy g‘o‘za navlari ko‘zdan kechirildi. Ular sho‘rlanish, harorat o‘zgarishi va boshqa agrobiotik stresslarga chidamlilik jihatidan sinovdan o‘tkazilmoqda.

Vazir tajriba maydonlarini fermerlar uchun amaliy o‘quv platformasiga aylantirish zarurligini ta’kidlab, har bir urug‘ va nihol — kelajak agrosanoatining poydevori ekanini qayd etdi. Bunday maydonlar hosil olish vositasigina emas, balki ilmiy asosdagi yechimlarni amaliyotda tatbiq etish manbai bo‘lishi kerakligi aytildi.

Tashrif chog‘ida paxta yetishtirishda agrotexnik tadbirlar o‘z vaqtida bajarilmagani bois, o‘sishda sustkashlik kuzatilgani ma’lum qilindi. Mavjud muammolarni bartaraf etish yuzasidan mas’ullarga aniq topshiriqlar berildi.

Shuningdek, vazir markaz binosi, ko‘rgazmali maydonlar holati va joriy etilayotgan texnologiyalar bilan tanishdi. Modernizatsiya dasturi doirasida bu yerda beshta zamonaviy laboratoriya tashkil etilishi va ularni ilg‘or asbob-uskunalar bilan jihozlash rejalashtirilgan.

Vazir mutasaddi tashkilotlar va ilmiy-tadqiqot muassasalari vakillariga AKIS markazlari faoliyatini qayta ko‘rib chiqish, ularni ilmiy-amaliy tajriba va innovatsiyalar markaziga aylantirish vazifasini yukladi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri