Buxoro davlat universiteti delegatsiyasi Hindiston Respublikasining Patna shahridagi C-DAC (Centre for Development of Advanced Computing) ilmiy-tadqiqot markazida bo‘ldi.
Buxorolik mehmonlar ishtirokida C-DAC direktori Shri Abhinav Dixit hamda markazning yetakchi bo‘lim rahbarlari ishtirokida kengaytirilgan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda markaz mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan zamonaviy dasturiy mahsulotlar, ularning real sektor va ta’lim tizimidagi tatbiqi yuzasidan atroflicha ma’lumot berildi.

Uchrashuv davomida tomonlar zamonaviy axborot texnologiyalarining eng dolzarb yo‘nalishlari bo‘yicha tajriba almashdi. Raqamli ta’lim va AI: Onlayn proktoring tizimlarining turli LMS platformalari bilan integratsiyasi hamda masofaviy ta’limda sun’iy intellekt nazoratini kuchaytirish, Kvant va yuqori unumdor hisoblashlar: Kvant kompyuterlari texnologiyalarining ilmiy-tadqiqot va axborot xavfsizligi sohasidagi istiqbollari, Dron texnologiyalari: Monitoring, logistika va xavfsizlik tizimlarida innovatsion dron ishlanmalaridan foydalanish, Raqamli iqtisodiyot: Onlayn to‘lov tizimlari va iqtisodiy jarayonlarda sun’iy intellekt ishtirokidagi innovatsion yechimlar kabi ustuvor yo‘nalishlar belgilab olindi.

Konstruktiv ruhda o‘tgan muloqot yakunida tomonlar sun’iy intellekt, axborot xavfsizligi, yuqori unumdor hisoblash tizimlari hamda raqamli to‘lov infratuzilmalari yo‘nalishlarida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishdi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.