Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Innovatsion rivojlanish vazirligi Xajettepe texnopolisi bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻymoqda
18:48 / 2019-09-02

Turkiya Respublikasi Xajettepe universitetining Texnologiyalarni rivojlantirish zonasi (Xajettepe texnopolisi) vakillari Oʻzbekistonga tashrif buyurdi.


Turkiya Respublikasi Xajettepe universitetining Texnologiyalarni rivojlantirish zonasi (Xajettepe texnopolisi) vakillari Oʻzbekistonga tashrif buyurdi. Tashrif doirasida turk delegatsiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligining vakillari bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Vazirlik matbuot xizmatining xabar berishicha, uchrashuv davomida kelgusida amalga oshiriladigan ishlar boʻyicha olib boriladigan hamkorlik yoʻnalishlari belgilab olindi. Xususan, texnologiyalar transferi, bilim va tajriba almashish, qoʻshma innovatsion loyihalarni amalga oshirish, startap va innovatsion loyihalarning qoʻshma tanlovlarini tashkil etish va moliyalashtirish, innovatsion faoliyatni venchur moliyalashtirish va boshqa sohalarda hamkorlik olib borishga kelishib olindi.

Shu bilan birga, tajriba almashish boʻyicha qoʻshma dasturlarni tashkil qilish, ilgʻor texnologiyalar, innovatsion menejment va innovatsion ekotizimni rivojlantirish sohasida malaka oshirish va yetuk kadrlarni tayyorlash maqsadida Xajettepe texnopolisining filialini Oʻzbekistonda ochish haqida kelishib olindi.

Maʼlumot uchun: Xajettepe texnopolisi 2003-yili Xajettepe universitetining Innovatsion yuqori texnologiyali tadqiqot markazi sifatida tashkil etilgan boʻlib, mazkur texnopolisning asosiy maqsadi universitet va ishlab chiqarish hamkorligini mustahkamlash, yangi texnologik bilimlarni yaratish, kichik va oʻrta biznesning yuqori texnologiyalarga moslashishiga koʻmaklashishdir.

Bugungi kunda Xajettepe texnopolisida 300 nafarga yaqin rezident-kompaniyalar faoliyat yuritmoqda. Ular axborot texnologiyalari, farmatsevtik biotexnologiyalar va biotibbiyot, elektrotexnika va elektronika, telekommunikatsiyalar, mudofaa sanoati, zamonaviy materiallar va nanotexnologiyalar, togʻ-kon sanoati, mashinasozlik sohasidagi loyihalarni hayotga tatbiq etmoqdalar. Rezident–kompaniyalar bir qator soliq va majburiy toʻlovlardan ozod etilgan.

Bundan tashqari, Xajettepe texnopolisi tarkibida ilmiy-tadqiqot instituti, texnologiyalar transferi markazi hamda inkubatsiya markazlari faoliyat yuritmoqda.