Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Innovatsion rivojlanish vazirligi axborot xizmati rahbari Nazokat Abduqunduzova ishtirokidagi o‘tkazilgan brifingda ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, Orol dengizining jadal qurishi nafaqat O‘zbekiston yoki Markaziy Osiyo mintaqasi, balki allaqachon, global miqyosdagi muammoga aylanib ulgurdi. So‘nggi yillarda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Orolbo‘yi mintaqasi fojiasi salbiy oqibatlarini kamaytirish, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi turmush darajasini oshirish borasida keng ko‘lamli chora-tadbirlar ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi Orol dengizining qurigan tubidagi yerlardan foydalanish samaradorligini oshirish, suvni tejash hamda tuzni kamaytirish muammolarining ilmiy yechimini ta’minlashga mavjud ilmiy-innovatsion salohiyatni jalb etish maqsadida amaliy va innovatsion loyihalar milliy tanlovini e’lon qiladi.
Tanlovga taqdim etiladigan ilmiy-tadqiqot ishlariga davlat buyurtmasi talablari doirasida bajariladigan amaliy va innovatsion loyihalar quyidagi amaliy yo‘nalishlarda ishlab chiqilishi lozim.
1-yo‘nalish: Orol dengizining qurigan tubining ekologik, tuproq-iqlim sharoitlariga moslashgan hayvon zotlari, urug‘ zaxirasi mavjud bo‘lgan tayyor o‘simliklar yoki ekin turlari mavjud bo‘lgan navlarni hudud tuprog‘ining sho‘rlanganlik darajasi va maqbul biologik muhit talablariga mos tarzda ilmiy asosda joriy etish va manfatdorlikni asoslab berish.
Bunda “Qishloq xo‘jaligi va atrof-muhitni muhofaza qilish fanlari” hamda “Biologiya fanlari” yo‘nalishi bo‘yicha bajarilishi bir yilga mo‘ljallangan 20 ta innovatsion loyihaning har biriga 1 milliard so‘mgacha grant mablag‘i ajratiladi.
a) “Qishloq xo‘jaligi va atrof-muhitni muhofaza qilish fanlari” bo‘yicha:
– Orol dengizi qurigan tubining ekologik, tuproq-iqlim sharoitlariga moslashgan urug‘ zahirasi mavjud bo‘lgan tayyor o‘simliklar yoki ekin turlari mavjud bo‘lgan navlarni hudud tuprog‘ining sho‘rlanganlik darajasi va maqbul biologik muhit talablariga mos tarzda ilmiy asosda joriy etish;
– Orol dengizining qurigan tubi xududida suv tejamkor texnologiyalarni joriy qilish/transfer qilish, yer tubidan ekin ekish va chorvachilik uchun suv chiqarish, sho‘r suvlarni chuchuklashtirish texnologiyalarini joriy qilish;
b) “Biologiya fanlari” yo‘nalishi bo‘yicha:
– Orol dengizining qurigan tubining turli ekotizimlari kesimida suv-tuz va shamol eroziyasini oldini oluvchi mavjud texnologiyalardan foydalanish asosida daraxt-butalar yordamida yarusli ihota halqalarini hosil qilish;
– Orolbo‘yining qum/tuz ko‘chishi xavfi yuqori bo‘lgan aholi maskanlari atrofida qurg‘oqchilikka chidamli daraxt-butalar agrofitotsenozini barpo etish uchun tayyor yangi texnologiyalarni joriy etish, tuproq sho‘rlanishini kamaytiruvchi mavjud maxalliy va xorijiy ishlanma va texnologiyalarni amaliy qo‘llash yoki transfer qilish,
sho‘r suvda baliqchilik, cho‘l sharoitida chorvachilik, quyonchilik va parrandachilik xo‘jaliklarini tashkil etishga moslashtirilgan hayvon zotlarini joriy qilish orqali mahalliy tadbirkorlarga tayyor takliflar tayyorlash.
2-yo‘nalish: biotexnologik usullar va genom texnologiyalar asosida xududning ekologik, tuproq-iqlim sharoitlariga moslashtirilgan o‘simliklarning yangi mahalliy hamda xorijiy turlari va navlarini Orol dengizining qurigan tubi yerlariga ekish va kengaytirish orqali chorvachilik va oziq-ovqat xavfsizigini ta’minlashni amaliyotda ko‘rsatib berish.
Bunda quyidagi yo‘nalishlarda bajarilishi 1 yilgacha mo‘ljallangan 5 ta amaliy loyihaning har biriga 1 milliard so‘mgacha grant mablag‘i ajratiladi.
a) “Biotexnologiyalar” yo‘nalishi bo‘yicha:
– biotexnologik, genom texnologiyalar va boshqa samarador usullar yordamida Orol dengizi qurigan tubining ekologik, tuproq-iqlim sharoitlariga moslashtirilgan o‘simliklarning yangi formalarini (navlarini, duragaylarini) ekish va parvarishlash;
b) “O‘rmon xo‘jaligi, tuproqshunoslik va o‘simliklarni himoya qilish fanlari” yo‘nalishi bo‘yicha:
– Orolbo‘yi hududidagi tuz va qurg‘oqchilikka chidamli noan’anaviy ekinlarning istiqbolli galofitlarini ekish va kengaytirish.
3-yo‘nalish: Orolbo‘yi hududida qishloq xo‘jaligi ekinlarini qayta joylashtirish va ekishni tashkil etishning zamonaviy usul va agrotexnologiyalarini joriy etish.
Bunda quyidagi yo‘nalishlarda bajarilishi 1 yilgacha mo‘ljallangan 10 ta innovatsion loyihaning har biriga davlat byudjetidan 1 milliard so‘mgacha grant mablag‘i ajratiladi.
a) “Qishloq xo‘jaligi va atrof-muhitni muhofaza qilish fanlari” yo‘nalishi bo‘yicha:
– Orolbo‘yi hududining tuproq-iqlim sharoitlariga mos qishloq xo‘jaligi ekinlari turlarini (navlarini) qayta joylashtirish (rayonlashtirish) va yetishtirishni yo‘lga qo‘yish;
b) “O‘rmon xo‘jaligi, tuproqshunoslik va o‘simliklarni himoya qilish fanlari” yo‘nalishi bo‘yicha:
– Orolbo‘yi hududida tuproq unumdorligini qayta tiklash – qulay suv-tuz muvozanatini o‘simlik ildizi chegarasida ushlab turish, irrigatsiya va drenaj infratuzilmasidan oqilona foydalanish, tuproqning suv va shamol ta’sirida yemirilishining oldini olishga qaratilgan yangi texnologiyalarni joriy etish;
v) “O‘rmon xo‘jaligi, tuproqshunoslik va o‘simliklarni himoya qilish fanlari” yo‘nalishi bo‘yicha:
– tuproqdagi sho‘rni yuvish uchun zamonaviy suv tejamkor yangi avlodga mansub maxalliy va xorijiy ishlanma va texnologiyalarni amaliy qo‘llash yoki transfer qilish, tuproq sho‘rlanishi darajasini muntazam monitoring qilish texnologiyalarni joriy qilish.
4-yo‘nalish: Orol dengizi qurigan tubining o‘simliklar qoplamini chuqur tadqiq etish asosida kamyob va endem o‘simlik turlarini hamda shakllangan noyob o‘simlik jamoalarini saqlab qolishning ilmiy asoslarini ishlab chiqish.
Bunda “Biologiya fanlari” yo‘nalishi bo‘yicha bajarilishi 2 yilgacha mo‘ljallangan 10 ta amaliy loyihaning har biriga davlat byudjetidan 1 milliard so‘mgacha grant mablag‘i ajratiladi.
– Orol dengizi qurigan tubining o‘simliklar qoplamini chuqur tadqiq etish asosida kamyob va endem o‘simlik turlarini hamda dengizning qurigan tubida shakllangan noyob o‘simlik jamoalarini saqlab qolishning ilmiy asoslarini ishlab chiqish hamda ularning genofondi koleksiyalarini yaratish;
– stressga chidamli o‘simliklar, qishloq xo‘jaligi ekinlari va hayvon zotlarining yangi biotexnologik genotiplarini, yangi avlod mikrobioligik o‘g‘itlari, biostimulyatorlarni va tuz yuvish texnologiyalarini yaratish va paralel sinovlarini o‘tkazish.
Tanlovda g‘olib deb topilgan loyihalar bevosita Orol dengizining qurigan tubi hududida amalga oshirilishi, chuqur ekspertimental laboratoriya tadqiqotlari esa mavjud zamonaviy laboratoriyalarda o‘tkazilishi, natijalar hududning o‘zida sinab ko‘rilishi lozim.
Tanlovga taqdim etiladigan loyihalar Davlat ilmiy dasturlarining yagona intellektual elektron platformasi – grant.mininnovation.uz orqali 2022 yilning 15 apreliga qadar faqat elektron shaklda qabul qilinadi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA