Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Innovatsion loyihalar samaradorlik kafolati
12:23 / 2025-09-17

Farmon va ijro

Yangiyo‘l tumanidagi “Tomorqachilikni rivojlantirish milliy markazi”da “Fermer xo‘jaliklarida innovatsion loyihalarni joriy etish orqali ko‘p tarmoqli faoliyatni rivojlantirish vazifalari” mavzusida ko‘rgazmali seminar bo‘lib o‘tdi. 

Unda O‘zbekiston fermerlari kengashi raisi Aktam Xaitov, qishloq xo‘jaligi korxonalari rahbarlari, hududlardan 170 nafardan ortiq fermerlar, qayta ishlash korxonalari va sohaga mas’ul tashkilot rahbarlari va chet ellik mutaxassislar qatnashdi. 

Tadbirda fermer xo‘jaliklari faoliyatida zamonaviy minitexnikalar va agregatlarning o‘rni, so‘ritok usulida uzum yetishtirish va intensiv bog‘ tashkil etish tajribalari, quyosh paneli afzalliklari, zamonaviy issiqxona tashkil etish va undan samarali foydalanish tajribalari haqida fikr almashildi. 

Shuningdek, mobil energiya saqlash tizimlaridan foydalangan holda qishloq xo‘jaligi ob’ektlarini energiya bilan ta’minlash imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Maqsad mazkur yo‘nalishlarda samarali natijalarga erishgan fermer va dehqonlarning tajribalarini targ‘ib qilish, qishloq xo‘jaligida foydalaniladigan yangi texnika va texnologiyalarni namoyish qilish, o‘zaro bilim va tajribalar almashish bo‘ldi. 

Shu bilan birga, Prezidentimizning 2025 yil 4 sentyabrdagi “Qishloq xo‘jaligi sohasida qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisoblashning soddalashtirilgan tartibini joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni mazmun-mohiyati ham tushuntirildi. Shundan so‘ng Koreya atrof-muhit o‘zgarishi instituti “KICC” tomonidan taqdimotlar o‘tkazildi. 

Xususan, yaroqlik muddati tugagan elektromobillarning akkumulyator-batareyalarini “second life” tamoyili asosida qayta ishlanib, qishloq xo‘jaligida elektr-energiya manbai sifatida artezian quduqlar nasoslarini ko‘chma energiya akkumulyator-batareyalar orqali quvvatlantirish texnologiyasi barchada qiziqish uyg‘otdi. 

Mazkur loyiha doirasida, markazlashgan elektr ta’minoti yetib bormagan hududlarda quyosh energiyasi orqali quvvatlanadigan, qishloq xo‘jaligi sohasidagi barcha turdagi korxonalar, fermer va dehqon xo‘jaliklarda foydalanish mumkin bo‘lgan arzon, qulay va ekologik toza avtonom elektr manbalarni joriy etilishi rejalashtirilgan. 

Seminar qatnashchilari hududdagi doimiy 30 ta ish o‘rni hamda mavsumiy 300 ta ish o‘rni yarata olgan va 100 tonna meva-sabzavotni saqlovchi korxonalar faoliyati bilan ham tanishdi. Ular yangi texnika va texnologiyalar bilan ishlash jarayonlarini kuzatib, o‘zaro tajriba almashildi. 

A.Musayev, O‘zA.