Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Innovatsion loyihalar – mo‘l hosil garovi
15:15 / 2015-06-05

Samarqandda Qishloq xo‘jaligida hududiy innovatsion tizimlar mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Samarqandda Qishloq xo‘jaligida hududiy innovatsion tizimlar mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Janubiy Koreyaning Kangvon universiteti bilan hamkorlikda tashkil etilgan anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Koreya Respublikasining mamlakatimizdagi elchixonasi, Qurg‘oqchil mintaqalarda qishloq xo‘jaligi tadqiqotlari markazi (IKARDA), BMT qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat tashkiloti(FAO)ning yurtimizdagi vakolatxonalari mas’ul xodimlari, bir qator xorijiy davlatlar oliy o‘quv yurtlari mutaxassislari ishtirok etdi.

Konferensiyada Prezident Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimiz qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar yuksak samaralar berayotgani ta’kidlandi. G‘alla va paxtachilik, chorvachilik, bog‘dorchilik va boshqa yo‘nalishlarda zamonaviy innovatsion texnologiyalardan keng foydalanilayotgani tufayli mazkur sohada yuqori natijalarga erishilmoqda. Buning natijasida mahsulot yetishtirish hajmi va sifati oshmoqda. Davlatimizning qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini nafaqat xomashyo, balki qayta ishlab, tayyor mahsulot sifatida eksport qilish imkoniyatlari kengaymoqda.

– Jahondagi globallashuv jarayonlari, resurslar taqchilligi va demografik ko‘rsatkichlarning o‘sib borishi aholini oziq-ovqat mahsulotlari va sanoatni xomashyo bilan ta’minlovchi qishloq xo‘jaligida zamonaviy innovatsion texnologiyalardan keng foydalanishni taqozo etmoqda, – deydi Samarqand qishloq xo‘jalik instituti rektori, professor Toshtemir Ostonaqulov. – Dehqonchilik va chorvachilik sohalari bo‘yicha malakali mutaxassislar yetkazib berish bilan birga, sohada qator ilmiy-tadqiqot ishlari olib borayotgan institutimiz olimlari tomonidan keyingi besh yilda ekinlarning 10 dan ortiq yangi navi, bir necha veterinariya preparatlari yaratildi, turli fan yutuqlari uchun 25 dan ziyod patent olindi. Ellikdan oshiq innovatsion loyiha yaratildi va ularning aksariyati yurtimiz qishloq xo‘jaligida qo‘llanilmoqda.

Anjumanda hududiy innovatsion tizimlar konsepsiyasi, qishloq xo‘jaligi innovatsion tizimlarini rivojlantirishda fan, ta’lim va tadqiqotlarning roli, rivojlangan mamlakatlarda hududiy innovatsion markazlar va klasterlarni tashkil etish tajribasi, qishloq xo‘jaligida erishilgan innovatsion yutuqlar, resurs tejamkor texnologiyalar va servis tizimi sohasidagi tadqiqotlar kabi yo‘nalishlar bo‘yicha ma’ruzalar tinglandi.

– Janubiy Koreya bundan yarim asr oldin qishloq xo‘jaligi sohasida qoloq davlatlar qatorida edi, – deydi Kangvon milliy universiteti professori, xalqaro qishloq hududlarini rivojlantirish instituti ijrochi direktori Kiang Riang Kim. – Xalqaro aloqalarning yo‘lga qo‘yilishi va qishloq xo‘jalik mahsulotlarini qayta ishlashga qaratilgan e’tibor tufayli qisqa fursatda mamlakat bu borada katta natijalarga erishdi. O‘zbekistonda qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirish va qayta ishlash borasida keng imkoniyatlar mavjud. Yurtingizda bu imkoniyatlardan samarali foydalanilayotganiga guvoh bo‘ldik.

Xalqaro konferensiya ishtirokchilari institutning ilmiy tajriba xo‘jaligida olib borilayotgan ishlar, Tayloq tumanidagi “Siyob Shavkat Orzu”, Samarqand tumanidagi “Ohalik oltin bog‘i” fermer xo‘jaliklari hamda “Agromir” qo‘shma korxonasida bo‘lib, qishloq xo‘jalik mahsulotlari ishlab chiqarish va uni qayta ishlash jarayonlari bilan tanishdi.