Milliy matbuot markazida O‘zbekiston milliy metrologiya instituti tomonidan «Metrologiya sohasida innovatsion loyihalar va xalqaro hamkorlik» mavzuida matbuot anjumani tashkil etildi.
bugungi kunda O‘zbekiston milliy metrologiya institutida milliy etalonlar bazasini takomillashtirish va rivojlantirish, ularni xalqaro darajada solishtirish va metrologiya sohasida boshqa ko‘plab ilmiy-tadqiqotlar olib borilmoqda.
Ta’kidlanganidek, Prezidentimizning 2019 yil 15 avgustdagi «O‘zbekiston Respublikasida muvofiqlikni baholash tizimini yanada takomillashtirish va sinov laboratoriyalari kompleksini rivojlantirish to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan hamkorlikda sohada ilmiy-amaliy loyihalarni amaliyotga tatbiq etish vazifalari keng qamrovda amalga oshirilmoqda.
Joriy yilning fevral oyi holatiga ko‘ra, institut tomonidan 87 ming 366 dona o‘lchash vositasi (shulardan 945 dona o‘lchash vositasi yaroqsiz, deb topilgan) metrologik tekshiruvdan o‘tkazildi. Yuridik va jismoniy shaxslarning 28 ming 473 ta murojaatiga asosan elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik va issiq suvni hisobga olish uskunalarini (hisoblagichlarni) qiyoslash ishlari amalga oshirildi.

– Institutimiz tomonidan xalqaro miqyosdagi imkoniyatlarga ham alohida e’tibor qaratilmoqda, – dedi O‘zbekiston milliy metrologiya instituti direktori o‘rinbosari Ma’rufjon Jalilov.
– Jumladan, Germaniya tomonidan 1,4 million Yevro miqdorida mablag‘ ajratilib, «Markaziy Osiyo mamlakatlari sifat infratuzilmasini mustahkamlash» loyihasi bo‘yicha Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston davlatlarida 2019-2022 yillarda mo‘ljallangan sohaviy hamkorlik ishlari olib borilmoqda. Loyiha doirasida joriy yilning 3-6 mart kunlari Dushanbe shahrida Germaniya Federativ Respublikasining Federal fizika-texnika instituti Physikalisch-Technische Bundesanstalt – PTB hamkorligida «O‘lchashlar birligini ta’minlash» mavzusidagi mintaqaviy seminarda O‘rta Osiyo davlatlarining metrologiya va akkreditatsiya sohalarida faoliyat olib borayotgan mutaxassislari ishtirok etdi. Shu kunlarda «Tojikstandart» agentligining to‘rt nafar xodimi institutimizda malaka oshirishi kutilmoqda.
Gulnoza BOBOEVA, O‘zA