Innovatsion izlanishlar laboratoriyasi
Guliston shahridagi 1-xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktab-internatda o‘tkazilgan respublika hududiy o‘quv-amaliy seminari shunday nomlandi.
Guliston shahridagi 1-xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktab-internatda o‘tkazilgan respublika hududiy o‘quv-amaliy seminari shunday nomlandi.O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan tashkil etilgan seminarda Toshkent shahri, Samarqand, Jizzax va Sirdaryo viloyatlaridan eng ilg‘or chet tili fani o‘qituvchilari o‘z dars ishlanmalari bilan ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tasarrufidagi xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi direktori, vazirlik huzuridagi xorijiy tillar bo‘yicha o‘quv-metodik kengashi raisi B.Rahimova, Sirdaryo viloyati xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i A.Abdurahmonov va boshqalar Prezidentimiz rahnamoligida ta’lim tizimini yanada takomillashtirish, umumta’lim maktablarida yoshlarning xorijiy tillarni puxta o‘zlashtirishi uchun yangi texnologiyalarni joriy qilish, ta’lim, fan va amaliyot hamkorligini kengaytirish, innovatsion g‘oyalarni hayotga keng tatbiq etishga qaratilayotgan doimiy e’tibor yuksak samaralar berayotganini ta’kidladi.
Seminarda iste’dodli chet tili fani o‘qituvchilari turli mavzularda ochiq darslar o‘tdi. Tadbirning ikkinchi qismi ochiq to‘garak mashg‘ulotlariga qaratildi.
– Birinchi Prezidentimizning 2012-yil 10-dekabrdagi “Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida barcha o‘quv muassasalarida xorijiy tillarni o‘qitish samaradorligiga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi Guliston shahridagi 1-xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktab-internat direktori S.Fayziyeva. – Bu yoshlarni bir necha tilda bemalol so‘zlasha oladigan yuksak intellektual salohiyatli insonlar etib tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Maktabimizda o‘tkazilgan o‘quv-amaliy seminar mazkur yo‘nalishda qilinishi zarur bo‘lgan ishlarni yana bir bor rejalashtirib olishga xizmat qildi.
Tadbir doirasida umumta’lim maktablarida chet tillarining o‘qitilishi, fan o‘qituvchilariga qo‘yilayotgan talablar, erishilayotgan yutuqlar, kuzatilayotgan kamchiliklar haqida ochiq muloqot tashkil etildi.