Innovatsion ishlab chiqarish – davr talabi
Innovatsion texnologiyalarga asoslangan, energiya tejamkor, chiqindisiz, ekologik xavfsiz ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish jahon bozoriga raqobatbardosh mahsulot yetkazib berishning asosi sanaladi.
Innovatsion texnologiyalarga asoslangan, energiya tejamkor, chiqindisiz, ekologik xavfsiz ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish jahon bozoriga raqobatbardosh mahsulot yetkazib berishning asosi sanaladi.“Navoiy” erkin iqtisodiy zonasida faoliyat yuritayotgan “Green line profile” mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi O‘zbekiston – Buyuk Britaniya qo‘shma korxonasi ana shunday subyektlardan biridir. Alyumin profillar ishlab chiqarishga mo‘ljallangan 37,4 million dollarlik mazkur loyiha 2 yil avval boshlangan edi. O‘tgan davrda korxona uchun zarur binolar qurildi, Italiya, Germaniya, Rossiya va Shveytsariya davlatlaridan zarur uskunalar keltirib o‘rnatildi.
Joriy yilning yanvar oyidan ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan yirik subyekt bugungacha Kanada, Germaniya kabi davlatlarga mahsulot eksportini ham amalga oshirdi. Hozirda 200 nafar mutaxassis ish olib borayotgan korxona 2021 yilga qadar to‘liq quvvatda ishga tushsa, qo‘shimcha 800 ish o‘rni yaratiladi. Qurilish, aviasozlik, kemasozlik, mashinasozlik kabi sohalarga tayyor mahsulot yetkazib beradigan subyekt yiliga 35 ming tonna alyuminni qayta ishlash quvvatiga ega.
Barcha jarayonlar zamonaviy texnologiyalar yordamida boshqarilayotgani ish unumdorligini ta’minlamoqda. Rossiyadan keltirilayotgan xomashyo – g‘o‘la shaklidagi alyumin balkalar eritish uskunasida bo‘laklanib, so‘ngra qolipga uzatiladi. Navbatdagi bosqichda kerakli shakl asosida undan yarim tayyor mahsulot olinadi. Keyingi sexda bo‘yash jarayonidan o‘tgan xomashyo tayyor mahsulot ko‘rinishini olib, qadoqlashga yubriladi. Xomashyoning to‘liq qayta ishlanib, chiqitga chiqmasligi korxonaning yana bir yutug‘idir.
Ishlab chiqarish jarayoniga Hindiston hamda Buyuk Britaniya mutaxassislari ham jalb qilingan. Mahalliy texnologlar zamonaviy uskunalarni bemalol boshqarayotgani esa yoshlarimizning xorij tajribasini to‘la o‘zlashtirganligini ko‘rsatib turibdi.
– Tumanimizda shunday zamonaviy korxona faoliyat boshlaganini eshitib, hujjatlarimni topshirdim, – deydi karmanalik Alisher Xudoyorov. – Hozirda o‘zimga biriktirilgan omborxonada mudir sifatida ishlayapman. Kollejni tamomlab, ancha yil ishsiz yurgandim. Bu imkoniyat menga asqotdi. Endilikda bor bilimimni sarflab, o‘zim ishlayotgan korxona rivojiga hissa qo‘shaman.
Bugungi kunda “Benkam” brendi ostida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarga talab katta. Sababi korxonada mahsulot sifatiga katta e’tibor qaratiladi. To‘liq quvvatda ish boshlashi bilan alyumin profillar ishlab chiqarishda Markaziy Osiyoda yetakchi subyektga aylanishi kutilayotgan korxona faoliyati nafaqat viloyat, balki yurtimiz iqtisodiy taraqqiyotida ham muhim o‘rin tutadi.