Ijtimoiy himoya milliy agentligi delegatsiyasining Amerika Qo‘shma Shtatlariga ishchi tashrifi doirasida Ijtimoiy himoya va bandlik masalalari bo‘yicha global direktor Iffat Sharrif boshchiligidagi Jahon banki rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazildi.
Uchrashuvda O‘zbekiston hukumatining oila va mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlariga e’tibor qaratgan holda ijtimoiy himoya strategiyasini qayta ko‘rib chiqish chora-tadbirlari qo‘llab-quvvatlanishi ta’kidlandi.
Shuningdek, unda “ish o‘rinlarini yaratish va ijtimoiy himoya global akseleratori” tashabbusini amalga oshirishda mamlakatimizning ishtiroki yuqori baholanib, mazkur yo‘nalishda Jahon banki O‘zbekiston hukumati bilan yaqin hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga tayyor ekanini bildirildi.
Muzokaralar doirasida tomonlar Jahon banki Bosh ofisining O‘zbekistonda ijtimoiy himoya qilish strategiyasini takomillashtirish, "parvarishlash iqtisodiyoti" sektorini va professional ijtimoiy xizmatni rivojlantirishga ko‘maklashish, respublika ijtimoiy himoya tizimini turli omillarga moslashtirish sohasida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan dastlabki kelishuvlarga erishildi.
IHMA ahborot xizmatiga ko‘ra, Jahon banki rahbariyati "Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini ijtimoiylashuvini ta’minlash uchun Innovatsion ijtimoiy himoya tizimi" (INSON) qo‘shma loyihasini amalga oshirish orqali texnik yordam ko‘rsatishga tayyor ekanini yana bir bor tasdiqlagan.
N.Ziyodullayeva tayyorladi,
O‘zA