Poytaxtimizdagi «O‘zekspomarkaz»da joriy yilning 5-7 aprel kunlari ilk bor «INNOPROM» xalqaro sanoat ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi.
O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi va Rossiya Federatsiyasi Sanoat va savdo vazirligi hamkorligida tashkil etilayotgan mazkur ko‘rgazmada O‘zbekiston, Armaniston, Belarus, Germaniya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Fransiya kabi davlatlarning sanoat kompaniyalari vakillari, ishbilarmonlari ishtirok etishi kutilmoqda.
Unda ishtirokchi mamlakatlar va kompaniyalar o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, sanoatni rivojlantirish va qo‘shma korxonalar tashkil etishning yangi imkoniyatlarini aniqlashga imkoniyat yaratiladi. Ko‘rgazmada transport va energetika mashinasozligi, sanoat, shaharlar uchun texnologiyalar, tibbiy asbob-uskunalar va farmatsevtika, metallurgiya va materiallar, plastmassa va kauchuklar namoyish etiladi.
Biznes dasturning birinchi kunida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzaqov va Rossiya Federatsiyasi sanoat va savdo vaziri D.Manturov ishtirokida «Jahon sanoat ishlab chiqarish sohasi o‘sish drayverlarini aniqlamoqda» asosiy strategik sessiyasi bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.
Ta’kidlash kerakki, O‘zbekiston va Rossiya turli sohalarda qo‘shma loyihalarning yirik to‘plamini amalga oshirmoqda. 2020 yilda pandemiyaga qaramay mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro savdo aylanmasi qariyb 6 milliard dollarni tashkil etdi. Maqsad esa bu ko‘rsatkichni 10 milliard dollargacha yetkazishdir. O‘tkaziladigan sanoat ko‘rgazmasi yangi kooperatsiya loyihalarini shakllantirish, o‘zaro manfaatli shartnoma va bitimlarni imzolash uchun ajoyib platformadir.
Shuningdek, «INNOPROM» biznes dasturi doirasida bir qator tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
N.Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA