Ma’lumki, har yili aprel, may, iyun oylarida yurtimizda ipak (pilla) urug‘ini olib kelish, pilla qurti boqish hamda tayyor mahsulotlarni pillachilik korxonalariga yetkazib berish borasida keng ko‘lamli ishlar olib boriladi.
Shunga ko‘ra, ayni kunlarda mamlakatimiz bo‘ylab bahorgi pilla yetishtirish mavsumi davom etmoqda va urug‘larni jonlantirish ishlari boshlab yuborilgan.

Xususan, Farg‘ona viloyatining Farg‘ona tumanida, Namangan viloyatidagi Uychi va Kosonsoy tumanlaridagi inkubatoriyalarga urug‘ qo‘yish ishlari amalga oshirilmoqda. Qashqadaryo viloyatining ham barcha tumanlaridagi inkubatoriyalarga ipak qurti urug‘ini qo‘yish ishlari bosqichma-bosqich davom ettirilmoqda. Mazkur viloyatda joriy mavsumda 44 ming 434 quti ipak qurti parvarishlanib, 2 ming 858 tonna pilla hosili olish reja qilingan.
Namangan viloyatidagi Norin, Chortoq, Uchqo‘rg‘on va Pop tumanlaridagi inkubatoriyalarga ham urug‘ qo‘yish ishlari davom etmoqda. Joriy mavsumda ushbu viloyatda 39 ming 102 quti ipak qurti parvarishlanib, 2 ming 515 tonna pilla hosili olish reja qilingan.

Navoiy viloyati Xatirchi tumani Oqoltin hududida ipak qurti ozuqa bazasini yanada mustahkamlash maqsadida yangi tutzor tashkil etildi. Tutzor maydoni 5 gektar bo‘lib, 25 ming tup tut ko‘chati o‘tqazildi. Tut ekish tadbirida viloyat «Agropilla» MCHJ mas’ul xodimlari, agronomlar, kasanachi fermerlar va mahalla faollari ishtirok etdi.
Shuningdek, Toshkent viloyati Piskent va Bekobod tumanida ipak qurti urug‘larini inkubatoriyaga joylashtirish ishlari boshlandi.

Ma’lumot o‘rnida aytib o‘tish kerakki, joriy mavsumda ushbu viloyatda 31 ming 746 quti ipak qurti parvarishlanib, 2 ming 42 tonna pilla hosili olish reja qilingan.
Joylarda ipak qurtlarini parvarishlash uchun ozuqa bazasi yaratilgan. Dalalar chetlari va maxsus hududlarda tut daraxti plantatsiyalari bor. Shu bilan birga, tut daraxti ko‘chatlarini ekish va parvarishlash ishlari ham samarali tashkil etilgan. Bu bilan tumanlardagi 84 ming nafar aholining bandligi ta’minlanadi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA