bugungi ta’lim tizimi yoshlarni, ayniqsa, talabalarni ertangi kun uchun munosib vorislar sifatida tayyorlashni bosh maqsad qilib olgan. Bu yo‘lda sog‘lom talabalar bilan bir qatorda ko‘rish imkoniyati cheklangan bo‘lishiga qaramasdan, oliy ta’limda tahsil olish istagida bo‘lgan ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchilarga ham bir xilda ta’lim berilishi zamon talabi.
Bu maqsad hukumatimizning ko‘plab hujjatlarida, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning nutqlarida, ma’ruza va chiqishlarida, farmon va qarorlarida o‘zining munosib aksini topgan.
Xususan, «O‘zbek imo-ishora tili va Brayl alifbosini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risi»dagi, «Ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarda ta’lim berish sifatini oshirish hamda ular faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida belgilab qo‘yilganidek, “turli ixtisoslik va yo‘nalishlardagi bosma va audiokitoblarga bo‘lgan ehtiyoj har olti oyda o‘rganilib, shu asosda adabiyotlar ro‘yxati shakllantirib boriladi, oliy ta’lim muassasalarining tegishli ixtisoslik va yo‘nalishlari bo‘yicha fanlardan audiomateriallar va Brayl alifbosi asosidagi adabiyotlarni chop etish tizimi yo‘lga qo‘yiladi».
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, «Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida»gi qonun, «Davlat tili haqida»gi qonun, «Ta’lim to‘g‘risida»gi qonun, «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi», O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 18 apreldagi «Ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarda ta’lim berish sifatini oshirish hamda ular faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaror, 2021 yil 21 dekabrdagi «Nogironligi bo‘lgan shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligiga ko‘maklashish hamda ijtimoiy faolligini yanada oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorida inklyuziv ta’limni yo‘lga qo‘yish va ularga kerakli shart-sharoitlar yaratish ishlarini samarali tashkil qilish bo‘yicha qator ko‘rsatmalar berilgan.
Ayni damda yurtimizda 66 mingdan ziyod ko‘zi ojiz shaxslar mavjud bo‘lib, 14 ta maxsus internatda 3 mingdan ortiq ko‘zi ojiz yoshlar tarbiyalanadi. Ular uchun yagona nashriyotda zarur darslik va boshqa adabiyotlar nashr etib kelinmoqda, ammo «Ko‘zi ojizlar bosmaxonasi»ning 1960-1980 yillarda ishlab chiqarilgan texnikalari juda eskirgan bo‘lib, ishlab chiqarish quvvati bugungi kun talabiga javob bermaydi. Uskunalar bilan yiliga bor-yo‘g‘i 18 nomdagi darslikni chop etish mumkin. Holbuki, ta’lim dasturi bo‘yicha, ko‘rish qobiliyati cheklangan o‘quvchilar uchun 48 nomdagi darsliklar zarur. Oliy ta’lim muassasalari uchun bunday maxsus darsliklar umuman nashr etilmaydi, ammo darsliklarga ehtiyojning mavjudligi bor gap.
BILIMLARNI O‘ZLASHTIRISH JARAYONI...
Pedagogik faoliyatdagi kuzatuvlarimizga ko‘ra, ko‘rish qobiliyatiga ega bo‘lmagan ta’lim oluvchilarda o‘zbek tilidagi o‘quv-metodik adabiyotlar va ilmiy tadqiqotlardan foydalanish imkoniyati chegaralangan. Ular fan sohasiga oid bilimlarni o‘zlashtirishda faqat dars jarayonida Brayl tizimiga asoslangan bo‘rtma-nuqtali yozuvda konspektlashtirib olingan ma’ruza matnlariga tayanib qolmoqdalar. Biroq, zamonaviy texnika davrida gadjetlarning qulay imkoniyatlaridan foydalanish ko‘proq samara beradi. Yangilanayotgan, ilmiy-texnika asri hisoblangan - XXI asrda ko‘zi ojizlar uchun qulay bo‘lgan audio-darsliklar yaratish kun tartibiga chiqmoqda. Shu maqsadda Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida «Oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan ko‘zi ojiz va ko‘rishda nuqsoni bo‘lgan talabalar uchun tarix fanidan mobil o‘quv ilovasini yaratish» amaliy loyihasi amalga oshirildi.
Alohida ta’kidlash joizki, O‘zbekistonning eng yangi tarixi fanidan ilk marotaba yaratilayotgan ushbu audio-qo‘llanma zaif ko‘ruvchilar uchun qulaylik yaratishi va internetsiz ham ishlatiladigan mobil ilova shaklida taqdim qilindi va HistoryUz nomi ostida Play Marketda https://play.google.com/store/... sahifasida e’lon qilindi.
Loyihaning asosiy maqsadi – gumanitar ta’lim yo‘nalishlarida tahsil oluvchi ko‘rish imkoniyati cheklangan talabalarning tarix fanlariga doir o‘quv adabiyotlaridan mustaqil ravishda foydalanishi uchun audio ma’lumotlar bazasini shakllantirish, zaif ko‘ruvchilar uchun ushbu audio materialning mobil ilovasini yaratish va shu orqali ularning lisoniy, intellektual salohiyatini yuksaltirish, shaxsiy-kasbiy qobiliyatlarini rivojlantirishdan iborat etib belgilandi.
Ushbu maqsadni amalga oshirish uchun bajariladigan asosiy vazifalar quyidagilardan iborat:
- O‘zbekistonning eng yangi tarixiga oid nazariy va statistik ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan, filologiya yo‘nalishida tahsil oluvchi talabalar tomonidan doimiy foydalanilishi uchun zarur bo‘lgan darsliklar, o‘quv qo‘llanmalar va ilmiy adabiyotlardan olingan ma’lumotlar bankini yaratish;
- to‘plangan bosma va elektron matn ko‘rinishidagi tarixga oid materiallarni mp3 formatda yozish;
- audiosi bilan parallel tarzda matndagi yozuvlarning munosib qatorlari kattalashuvi va rangi o‘zgaruvi holatidagi mobil matnni yaratish;
- oliy ta’lim muassasalari va axborot-resurs markazlari fondini O‘zbekistonning eng yangi tarixiga doir audio-kitoblar va ularning mobil ilovalari bilan ta’minlash orqali ko‘zi ojiz talabalarning sohaga oid o‘quv-metodik adabiyotlar hamda ilmiy tadqiqotlardan erkin foydalanish imkoniyatini kengaytirish.
Ko‘zi ojizlar uchun tayyorlangan o‘quv qo‘llanmalar, mobil ilovalar, demakki, shu toifaga mo‘ljallangan talabalarga ilm olish manbasi bo‘lib xizmat qiladi, imkoniyati cheklangan bo‘lishiga qaramasdan, ko‘zi ojiz talabalarning o‘qib-o‘rganishlari uchun imkoniyat yaratadi. Qolaversa, ushbu mahsulot O‘zbekiston tarixini chuqur o‘rganish orqali mamlakat taqdiri bilan uyg‘unlashtirishga intilib borishlari yo‘lida munosib hissa qo‘shishga safarbar etilgan.
Taqdim etilayotgan mobil ilova an’anaviy yondashuvlarni chetlab o‘tishga harakat qilingan xos audio-kitob shaklida taqdim qilingan bo‘lib, uning mobil ilovasida ovozli materialga mos holda matn o‘qib ketiladi va nazarda tutilgan qator yoki so‘z boshqalariga nisbatan kattalashib, rangi ham o‘zgaradi. Bu holat nafaqat ko‘zi ojizlar uchun, balki bilan zaif ko‘ruvchilarning ham O‘zbekistonning eng yangi tarixi yuzasidan matnni kattalashgan holda o‘qishlari imkonini yaratdi: ham o‘qish, ham eshitish ko‘nikmalari uchun mo‘ljallangan. Ushbu loyihani shakllantirishda eng avvalo quyidagi tartibda ishlar bajarildi:
- 1. Mavjud holat o‘rganildi. Bunda gumanitar yo‘nalishlarda 1-kursda o‘qitiladigan majburiy fanlar qatoridagi «O‘zbekistonning eng yangi tarixi» fani doirasidagi hujjatlar – tasdiqlangan fan dasturi, sillabuslardagi mavzular o‘rganib chiqildi va ular yuzasidan material to‘plab, mavzularga taqsimlandi.
- Qo‘shimchalar kiritildi. Ma’lum bo‘lishicha, «O‘zbekistonning eng yangi tarixi» fani bo‘yicha materiallar yetarli bo‘lib, tarix fani bo‘lgani uchun ham matnlar bir muncha uzun va ma’lumotlarga boy tarzda shakllangan. Agar matnning hammasi diktor tomonidan audio variantiga aylantirilsa, nisbatan uzoq, taxminan, 1-1,5 soat vaqt hisobiga audiomaterial tayyorlanishi kerak edi. Bu holat faqat eshitish ko‘nikmasi orqali fanni o‘zlashtirayotgan ko‘zi ojiz talabalarni biroz toliqtirishi yoki mavzuni tushunishni to‘liq qamrab olishiga soya solgan bo‘lardi hamda uzviylik va uzluksizlik tamoyillariga, talabalarning umumiy tayyorgarlik darajasiga, jamiyatbmizning hozirgi talab-ehtiyojlariga mos bo‘lmagan ayrim fakt va eskirgan materiallar bilan chalg‘itib qo‘yishiga sabab bo‘lardi. Ayrim mavzu va materiallar yangilanishga muhtoj edi. Shu jihatdan mavzular tahrir qilindi, O‘zbekistonning hozirgi kundagi strategik, ijtimoiy-siyosiy holatiga oid yangi ma’lumotlar kiritildi.
- Fan mavzulari uzviylik va uzluksizlik tamoyillariga ko‘ra ham o‘ziga xos yondashuvlarni talab etadi. Loyiha mualliflari o‘z burch va huquqlari doirasida DTS hamda o‘quv dasturlari mavzularning taqsimotini bu muammolarni hal qilishga yo‘naltirdi.
- Har bir mavzu yakunida takrorlash va mustaqil tayyorlanish uchun savol va topshiriqlar berildi. Ushbu jarayon mavzu ustida ishlash, audioning mazmuni va mohiyatini to‘la va to‘g‘ri idrok etishda asosiy o‘rin tutadi. Ya’ni kundalik voqeliklardan xabardor bo‘lib kelayotgan ko‘zi ojiz talabalar eshitayotgan materialining bugungi kun mavzulariga bog‘lay olishi, qayta mustahkamlashi uchun har bir mavzu yakunida savollar va topshiriqlar keltirib o‘tildi.
- Zaif ko‘ruvchilar uchun audioli matnning berilishi. Ko‘rish imkoniyati cheklanganlar uchun tarix fanidan matnning lotin yozuvidagi mavzulari berildi. Talaba ham audio mavzuni tinglashi, ham matnni o‘qiy olishiga imkoniyat mavjud. Bunda matndagi kerakli qatorlar audioga mos ravishda kattalashadi va ko‘rish imkoniyati cheklanganlarga o‘qish ko‘nikmasi uchun qulaylik yaratadi.
- Audio materiallar haqida. Matnlar mazmunini o‘rganish va tahlil etishda uning mohiyatini to‘la va to‘g‘ri tasavvur etish bosh omil bo‘ladi. Buning uchun mavzudagi har bir band, ohang, gap, hatto, har bir so‘z to‘g‘ri o‘qilishi va tushunilishi muhimdir. Shu maqsadda matnlarning to‘liq audio variantlari ishlab chiqildi. Uni o‘qishda professional suxandon ishtirok etdi.
- «O‘zbekistonning eng yangi tarixi» fani doirasidagi mobil ilovadagi matn jami – 13 mavzudan iborat.
TARIXNI O‘QITISH...
Ayrim tarixchi olimlarning fikricha, tarixni o‘qitishning yangi mazmuni va metodologiyasini izlash – zamonaviy o‘qitish texnologiyalariga o‘tishni anglatadi, deb baholab, o‘qitish jarayonida o‘quvchilar tomonidan yaratilgan tarixiy tasvirlar kognitiv ahamiyatga ega ekanligi, o‘ziga xos tarixiy tasvirlar va faktlar tarixiy tushunchalarni shakllantirish uchun asos bo‘lib xizmat qilishi, tarixiy vaziyatlarni suratlarda ko‘rsatib, rangli infografikalar bilan tasvirlash tarix bilan bog‘liq tushunchalarni yanada mazmunli va barqaror bo‘lishini ta’minlaydi.
Ammo bu o‘rinda tarixiy jarayonlar aks etgan suratlarni ko‘rish imkoniyatidan mosuvo bo‘lgan, ayni damda Oliy ta’limda o‘qiyotgan ko‘zi ojiz va ko‘rish imkoniyati cheklangan talabalarga ham biron kamchilikka yo‘l qo‘ymagan holatda o‘sha fanning mazmun-mohiyatini yetkazib berish, ayniqsa, tarixiy jarayonlarni to‘g‘ri baholashlariga ko‘maklashish va ularning mustaqil fikrlashlariga zamin yaratish – inklyuziv ta’limning asosiy qismi hisoblanadi.
Xususan, ko‘rish imkoniyati cheklanganlar uchun taqdim qilinuvchi mobil ilova o‘qish ko‘nikmasini oshirishga xizmat qilishi, shu bilan birga, zaif ko‘ruvchilarning mutolaasi uchun oson bo‘lishi va ko‘rish imkoniyatiga ziyon yetkazmasligi lozim. Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti tomonidan tayyorlangan «Oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan ko‘zi ojiz va ko‘rishda nuqsoni bo‘lgan talabalar uchun tarix fanidan mobil o‘quv ilova» inklyuziv ta’limni yo‘lga qo‘yishdagi bo‘shliqni to‘ldiradi, degan umiddamiz.
Hulkar Mirzahmedova,
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti
dotsenti, filologiya fanlari doktori