Inklyuziv ta’lim tibbiy imkoniyati turlicha bo‘lgan bolalarning birgalikda ta’lim olishi imkoniyatidir. Mamlakatimizda inklyuziv ta’limni rivojlantirish masalasiga katta e’tibor qaratilmoqda. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi Finlyandiya milliy ta’lim agentligi bilan “O‘zbekistonda Finlyandiya ilhomlantirilgan ta’lim tizimini rivojlantirish” qo‘shma loyihasi imzolangan.
Mazkur loyiha doirasida joriy yilning 6-14 oktyabr kunlari Finlyandiya milliy ta’lim agentligi mutaxassislari tomonidan Toshkent shahrining Olmazor tumanidagi 298-sonli maktabda inklyuziv ta’lim jarayoniga jalb etilgan pedagoglar uchun seminar-treninglar tashkil etilmoqda.
Unda 80 nafar ustozlar qatnashmoqda. Seminar-trening davomida Finlyandiya milliy ta’lim agentligi mutaxassislari Riia Palmkvist hamda Elisa Helin tomonidan “Inklyuziv ta’lim sari: Yakuniy yondashuv”, “Inklyuziv ta’limda maktabning ishtiroki”, “Maktablarda ta’lim madaniyatini rivojlantirish” kabi mavzularda mahorat darslari o‘tkazilmoqda. Shuningdek, mavzu doirasida Finlyandiya tajribasi bilan o‘rtoqlashishga katta e’tibor qaratilmoqda.
Aytish kerakki, “Ta’lim barcha uchun” tamoyili asosida 2021-2022 o‘quv yilidan boshlab respublika bo‘yicha tajriba-sinov tariqasida 31 ta umumta’lim maktablarida inklyuziv sinflar tashkil etilib, ularga 122 nafar alohida ta’limga ehtiyoji bo‘lgan bolalar jalb qilingan.
2025-2026 o‘quv yilida inklyuziv ta’lim joriy etilgan umumta’lim maktablari soni 1 ming 708 tani, ulardagi o‘quvchilar soni esa 3 ming 710 nafarni tashkil etmoqda.
Mazkur seminar-trening kelgusida pedagoglarning inklyuziv ta’lim sinflarida ta’lim olayotgan o‘quvchilar bilan ishlashida muhim dastur bo‘lib xizmat qiladi.
N.Usmonova,
O‘zA