Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Inklyuziv ta’lim yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar o‘rganildi
10:54 / 2023-10-11

Yevropa, Osiyo va Tinch okeani mintaqasida bilim va innovatsiyalar almashinuvi (KIX) markazining “Ta’limda global hamkorlik” loyihasi doirasida O‘zbekistonda inklyuziv ta’lim tizimini samarali tashkil etilishi hamda rivojlanishi borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish va tajriba almashish maqsadida yurtimizga Gruziya, Qirg‘iziston, Moldova va Tojikiston davlatlaridan mutaxassislar tashrif buyurdi.

Ma’lumki, keyingi yillarda mamlakatimizda inklyuziv ta’limga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada Prezidentimizning 2020 yil 13 oktyabrdagi “Alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarga ta’lim-tarbiya berish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Shuningdek, 2020 yil 23 sentyabrda qabul qilingan yangi tahrirdagi “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunga ilk bor inklyuziv (uyg‘unlashgan) ta’lim tushunchasi kiritildi. Jarayonda yurtimiz umumta’lim maktablarida inklyuziv ta’limni joriy etish rejasi belgilab olindi. Unga ko‘ra, 2025 yilgacha alohida ta’limga ehtiyoji bor bolalarning 40 foizi odatiy maktablarga jalb qilinishi ko‘zda tutilgan.

Inklyuziv ta’lim tushunchasi haqida to‘xtaladigan bo‘lsak, “inklyuziv” so‘zi ingliz tilidan olingan bo‘lib, “uyg‘unlashmoq”, “qamrab olmoq”, “nogiron va sog‘lom bolalar o‘rtasidagi to‘siqlarni bartaraf etish” ma’nolarini bildiradi. Inklyuziv ta’lim – bu davlat siyosati bo‘lib, nogiron yoki boshqa sabablar tufayli maxsus yordamga muhtoj, kasallangan bolalar uchun moslashuvchan va individuallashgan yordam tizimi hamda barcha bolalarni teng ko‘rishni ko‘zda tutadigan ta’lim turidir. Bunda rivojlanishida uchraydigan nuqsonlar va iqtisodiy qiyinchiliklardan qat’i nazar, imkoniyati cheklangan bolalar ijtimoiy hayotga moslashtirishga yo‘naltirilgan o‘quv jarayoniga jalb etiladi.

“Ta’limda global hamkorlik” loyihasi doirasida yurtimizga tashrif buyurgan mutaxassislar poytaxtimizning Olmazor tumanidagi 134-umumta’lim maktabida bo‘lib, inklyuziv sinflarda alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarga dars mashg‘ulotlari o‘tilishi jarayonini o‘rgandi. Shuningdek, tadbir davomida Toshkent shahrida joylashgan 55-, 70-, 290- va 324-maktablarning inklyuziv sinflarida dars berayotgan amaliyotchi o‘qituvchilar bilan bevosita fikr almashildi.

Kunning ikkinchi yarmida mehmonlar Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi O‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish va psixologik-pedagogik respublika tashxis markaziga tashrif buyurib, inklyuziv ta’lim yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.

[gallery-13948]

Kamola Yusupova, 
Murodxon Xo‘jayev (surat), O‘zA