Xalq deputatlari Buxoro viloyati Kengashi huzuridagi Ijtimoiy sheriklik komissiyasi tashabbusi bilan Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondining viloyat bo‘linmasi bilan hamkorlikda Buxoro davlat texnika universitetidagi “Xotin-qizlar, yoshlar uchun IT va muhandislik inklyuziv ta’lim markazi”da nomli tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda Ijtimoiy sheriklik komissiyasi a’zolari, universitet professor-o‘qituvchilari, jamoat fondining viloyat bo‘linmasi a’zolari, O‘zbekiston Nogironlar jamiyati, O‘zbekiston Ko‘zi ojizlar jamiyati, O‘zbekiston Karlar jamiyati, O‘zbekiston Nogironlar assotsiatsiyasi hududiy bo‘limlari rahbarlari va ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.

Buxoro davlat texnika universitetida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 24 yanvardagi qarori ijrosini ta’minlash, shuningdek, ta’lim tizimida inklyuziv ta’limni keng joriy etish va uni tizimli rivojlantirish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Xususan, universitetda xotin-qizlar va yoshlar, shu jumladan, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlam vakillari hamda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun IT va muhandislik yo‘nalishlarida Inklyuziv ta’lim markazi tashkil etilgani alohida ta’kidlandi. Ushbu markazda bilim olish istagidagi yoshlar uchun 10 dan ortiq zamonaviy kasb va hunarlar bo‘yicha o‘quv kurslari yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ular zamonaviy texnik jihozlar, qulay va to‘siqsiz infratuzilma hamda tajribali mutaxassislar bilan ta’minlangan.

– Inklyuziv ta’lim, avvalo, teng imkoniyatlar va adolatli jamiyat demakdir. Universitetimizda tashkil etilgan Inklyuziv ta’lim markazi orqali yoshlar va xotin-qizlarning kasbiy salohiyatini oshirish, ularni zamonaviy kasblarga yo‘naltirish hamda jamiyatda munosib o‘rin egallashiga ko‘maklashishni asosiy maqsad qilib olganmiz, – deydi universitet rektori, Xalq deputatlari viloyat Kengashi huzuridagi Ijtimoiy sheriklik komissiyasi raisi Sadoqat Siddiqova.
Ishtirokchilar Buxoro davlat texnika universitetida inklyuziv ta’limni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga yuqori baho berdi. Kelgusida mazkur yo‘nalishda o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda tajriba almashish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.