Bugungi kunda davlatimiz tomonidan imkoniyati cheklangan va alohida ehtiyojga ega bo‘lgan bolalarga sifatli ta’lim olish, jamiyat hayotida faol ishtirok etish hamda kasbiy va ijtimoiy faoliyatning turli sohalarida o‘z salohiyatlarini to‘liq namoyon etishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilmoqda.
Jumladan, bu borada Navoiy shahrida ham keng ko‘lamdagi ishlar amalga oshirilib, maktablarda inklyuziv sinflar faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda va bolalar uchun to‘siqsiz muhit yaratish hamda ularning ijtimoiylashuviga e’tibor qaratilmoqda.

– Jahon tajribasida ham imkoniyati cheklangan bolalarni sog‘lom bolalar bilan birga o‘qitish, ya’ni inklyuziv ta’lim amaliyoti o‘zining samaradorligini ko‘rsatmoqda, – deydi shahar maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi rahbari Shalola Hamidova. – Davlatimiz rahbari tomonidan 2024 yil 13 dekabr kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ham inklyuziv sinflar faoliyatini yanada rivojlantirish, bolalar uchun qulay va to‘siqsiz muhit yaratish, ularning ijtimoiylashuvini ta’minlash borasida aniq vazifalar belgilab berilgan edi. Hozirda shahrimizdagi 5-umumta’lim maktabida 10 nafar, 21-umumta’lim maktabida esa 2 nafar bola inklyuziv ta’lim jarayoniga jalb etilgan bo‘lib, jami 12 nafar bola tahsil olmoqda. Ushbu maktablarning har ikkalasi maxsus pedagoglar bilan ta’minlangan. Shuningdek, maktablarda alohida korreksion sinf, psixolog xonasi va maxsus pedagog shtatlari ajratilib, malakali pedagog kadrlar tomonidan ta’lim-tarbiya jarayoni olib borilmoqda.

Bundan tashqari, 6-, 7-, 12-, 13-, 18- va 19-sonli umumta’lim maktablarida ham imkoniyati cheklangan bolalarni sog‘lom bolalar bilan birga o‘qitish bo‘yicha inklyuziv sinflar tashkil etish rejalashtirilgan.

Mazkur yo‘nalishdagi ishlar mahalliy byudjetning orttirilgan qismi hisobidan amalga oshirilmoqda. Maxsus pedagoglar bilan ta’minlash, ularning malakasini oshirish va qayta tayyorlash ishlari maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tomonidan, alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarni o‘qishga yo‘naltirish esa Psixologik-tibbiy-pedagogik komissiya va Ijtimoiy himoya agentligining viloyat boshqarmasi tomonidan yo‘lga qo‘yilgan.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri