Bugun poytaxtimizda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy kengashi tomonidan “Inklyuziv ta’lim tizimidagi muammo va takliflar” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi. Unda Oliy Majlis Senati a’zolari, Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligi mas’ullari ishtirok etdi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, yurtimizda inklyuziv jamiyat yaratishga, ta’lim sohasida inklyuzivlikni oshirishga qaratilgan strategiyalar, keng qamrovli dasturlar amalga oshirilmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, bugun mamlakatimizda alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maxsus maktablarda 20,5 ming nafar, umumta’lim maktablarida 75 ming nafar bola ta’lim olmoqda. Shuningdek, 2 ming 23 ta maktabda 3 ming 483 ta inklyuziv sinflar tashkil etilgan bo‘lib, ularda 4 ming 509 nafar nogironligi bor bo‘lgan bolalar ta’lim olmoqda.
Joriy yil yakuniga qadar qo‘shimcha 9,5 ming nafar nogironligi bo‘lgan bolani oddiy sinflarga, 2 mingga yaqinini esa inklyuziv sinflarga jalb etish orqali qamrovni 82 foizga yetkazish rejalashtirilgan.

Muloqot davomida sohadagi mavjud muammolarga e’tibor qaratildi. Partiya vakillarining o‘rganishlarida ma’lum bo‘lganidek, inklyuziv ta’lim joriy etilgan maktablarning ko‘pida nogironligi bo‘lgan shaxslarning erkin harakat qilishi uchun “to‘siqsiz muhit” yaratish hamda inklyuziv ta’limga jalb etilgan bolalar qo‘shimcha shug‘ullanishi uchun korreksion xonalarni jihozlash ishlariga mahalliy hokimliklar tomonidan yetarli darajada e’tibor qaratilmayapti.
Inklyuziv ta’lim va mehrli maktab faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘limining tuman va shaharlarda mas’ul xodimi yo‘q. Bu esa inklyuziv ta’lim joriy etilgan maktablar faoliyatini yanada samarali tashkil qilish, pedagoglar, o‘quvchilar yoki ota-onalarda yuzaga kelayotgan muammolarni aniqlash va hal qilishda qiyinchiliklar tug‘dirmoqda.
Tadbir davomidagi muhokamalarda mutasaddi vazirlik va idoralar mas’ullari bu borada yechimini kutayotgan muammolarni hal etish bo‘yicha o‘zaro fikr almashdi.

Partiya vakillari, deputatlar inklyuziv ta’limni rivojlantirish bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash zarurligini ta’kidladi. Bu borada hududlarda deputatlik va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish dolzarb ahamiyatga ega ekanligini qayd etdi. Mahalliy Kengashlardagi Xalq demokratik partiyasi deputatlik guruhlari hududlarda inklyuziv ta’lim bilan bog‘liq masalalarni o‘rganib, sessiyalar muhokamasiga olib chiqishi, joylarda ijro hokimiyati va mutasaddi idoralarning ushbu yo‘nalishdagi mas’uliyatini kuchaytirishga hissa qo‘shishi lozimligi aytib o‘tildi.
Ushbu sa’y-harakatlar O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining ijtimoiy adolat, hamma uchun teng imkoniyatlar yaratish, jamiyatda ham, ta’limda ham inklyuzivlik yuqori darajada bo‘lishini ta’minlash borasidagi dasturiy maqsadlari ijrosiga xizmat qiladi.
Muhtarama Komilova, O‘zA