3 dekabr – Xalqaro nogironlar kuni
Inklyuziv ta’lim – bu har bir bolaning bebaho xazinasi bo‘lgan ta’lim olish huquqini teng ta’minlash demakdir. Qashqadaryo viloyat Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimidagi alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan kar va zaif eshitadigan bolalar uchun 17-ixtisoslashtirilgan maktab-internati aynan shu tamoyilga sodiq qolgan holda, kar va zaif eshituvchi bolalar uchun mehr va imkoniyatlar eshigini ochgan. Bu yerda yaratilgan sharoitlar ularning jamiyatga to‘laqonli integratsiyalashuvi, o‘z salohiyatini yorqin ranglarda namoyon etishi uchun mustahkam zamin yaratadi.
Maktab-internatning muvaffaqiyat siri fidoyi pedagoglar jamoasida mujassam. Ular 400 dan ziyod o‘quvchining shaxsiy xususiyatlarini hisobga olgan holda ta’lim-tarbiya jarayonini tashkil etadi. Surdopedagoglar nafaqat o‘quvchilarga bilim beradi, balki ularning psixologik holatini ham doimiy ravishda kuzatib boradi, zarur hollarda psixologik yordam ko‘rsatadi. Bolalarning o‘ziga bo‘lgan ishonchini oshirish, ularni ijtimoiy hayotga tayyorlash maktab-internat jamoasining asosiy vazifalaridandir.
O‘quv jarayonida bolalarning eshitish qobiliyatidagi nuqsonlarni bartaraf etishga qaratilgan maxsus mashqlar va o‘yinlar keng qo‘llaniladi. Labdan o‘qish, imo-ishora tili kabi ko‘nikmalarni shakllantirish alohida e’tiborda. Bu bolalarga muloqot qilish, atrof-muhit bilan aloqa o‘rnatish imkonini yaratmoqda. Zamonaviy texnologiyalar, jumladan eshitish apparatlari va kompyuter texnologiyalari ta’lim jarayonini yanada samarali qiladi.
[gallery-26521]
Maktab-internatda o‘quvchilarning har tomonlama rivojlanishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Sport zallari, kutubxonalar, san’at to‘garaklarida bolalarning qiziqishlariga mos mashg‘ulotlar olib boriladi. O‘quvchilar turli tanlov va musobaqalarda faol ishtirok etib, o‘z iste’dodini namoyon etmoqda. Maktab-internat bitiruvchilari kelajakda jamiyatning faol a’zosi bo‘lib, turli sohalarda o‘z o‘rnini topadi.
Shunday ekan, inklyuziv ta’lim – bu shunchaki trend emas, balki har bir bolaning to‘laqonli hayot kechirishi, o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun zarur bo‘lgan imkoniyatdir.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/k1vMtPIdRmk" title="Inklyuziv ta’lim mohiyati" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Jamshid NORQOBILOV (surat, video), O‘zA