So‘nggi yillarda inklyuziv ta’lim masalasiga alohida e’tibor qaratila boshlandi. Uning afzalliklari-yu, bartaraf etilishi lozim bo‘lgan kamchiliklar borasida bir qancha amaliy chora tadbirlar qo‘llanib kelinmoqda. Ta’limning eng quyi bo‘g‘inidan boshlab inklyuzivlikni ta’minlash ishlari ham amaliy tus oldi.
Biroq hali bu borada yechimini topishi lozim bo‘lgan masalalar yetarlicha. Shu maqsadda mutaxassislar va yoshlar ishtirokida turli seminarlar ta’lim tashkilotlarida tez-tez tashkil etilmoqda.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligida “VoiceUp” inklyuziv yoshlar oromgohi ishtirokchilari bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda mamlakatimizda inklyuziv ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, bu borada mavjud muammolar hamda kelgusidagi ustuvor yo‘nalishlar xususida so‘z bordi.

Ishtirokchilar inklyuziv ta’lim infratuzilmasini yanada takomillashtirish, ta’lim muassasalarida arxitekturaviy moslashuvni ta’minlash, raqamli ta’lim resurslaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish masalalari yuzasidan qator amaliy taklif va tavsiyalar bildirdi.
Tadbir so‘ngida mas’ullar asosli takliflar va muammolar bo‘yicha tizimli choralar ko‘rilishini ta’kidladi.
Sherbek Islomov, O‘zA