Inklyuziv ta’lim rivojlanmoqda
Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazida mamlakatimiz va Yevropa Ittifoqining «O‘zbekistonda alohida ehtiyojli bolalar uchun inklyuziv ta’lim» qo‘shma loyihasi ijrosi doirasida erishilgan natijalarga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tdi.
Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazida mamlakatimiz va Yevropa Ittifoqining «O‘zbekistonda alohida ehtiyojli bolalar uchun inklyuziv ta’lim» qo‘shma loyihasi ijrosi doirasida erishilgan natijalarga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tdi.Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazi direktori V.Alimova, «O‘zbekistonda alohida ehtiyojli bolalar uchun inklyuziv ta’lim» loyihasi rahbari, xalqaro ekspert S.Alishauskiyene va boshqalar mamlakatimizda Prezident Islom Karimov rahnamoligida alohida ehtiyojli bolalarni ijtimoiy himoya qilish, ularga tibbiy, psixologik va pedagogik yordam ko‘rsatish bo‘yicha me’yoriy-huquqiy baza yaratilgani va takomillashtirilayotganini ta’kidladi. 2004-yilda tashkil etilgan Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazi ushbu sohada amalga oshirilayotgan dastur va loyihalarning faol ishtirokchilaridan biridir. O‘tgan davr mobaynida markaz tomonidan 11 ming nafardan ziyod bolaga zarur tibbiy-ijtimoiy, huquqiy va maslahat yordami ko‘rsatildi.
Loyiha doirasida 800 nafardan ortiq alohida ehtiyojli bola umumta’lim maktablari va maktabgacha ta’lim muassasalariga biriktirilgani qayd etildi. Ularga inklyuziv ta’lim bo‘yicha o‘quv kursini tamomlagan malakali pedagoglar saboq bermoqda. Toshkent, Samarqand, Namangan, Xorazm va Surxondaryo viloyatlarida 5 tajriba-resurs markazi hamda 30 tajriba maktabi va maktabgacha ta’lim muassasasi faoliyat ko‘rsatmoqda.
Markazning Toshkent viloyati bo‘yicha hududiy eksperti D.To‘laganovaning ta’kidlashicha, inklyuziv ta’limni rivojlantirishda resurs markazlari muhim o‘rin tutadi. Markazlar mutaxassislari tajriba maktabi va maktabgacha ta’lim muassasalarining faoliyatini monitoring qilish, o‘quvchilarning darslarni o‘zlashtirishi va xulqini baholash, uslubiy maslahat yordami ko‘rsatish, kerakli bosma va uslubiy qo‘llanmalar tarqatish maqsadida mazkur muassasalarga borib, uchrashuvlar o‘tkazmoqda.
Tadbirda ekspertlar jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob qaytardi.