Mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarning bosh maqsadi inson qadriga qaratilgan. Shuning uchun ham o‘zaro tenglik va inklyuzivlikka alohida ahamiyat qaratilmoqda. Bu borada jahon tajribasi o‘zlashtirilib, malakali mutaxassislar yetishtirilmoqda.
Yurtimizda inklyuziyaning nechog‘lik rivojlanayotgani, mavjud kamchiliklar va yutuqlarni aniqlash maqsadida Xalqaro inklyuziv xabda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyiha doirasida AQSHning Inclusive Development Partners (AQSh) xalqaro tashkiloti vakili bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Inclusive Development Partners — inklyuziv rivojlanish masalalariga ixtisoslashgan xalqaro konsalting tashkiloti (AQSH) bo‘lib, inklyuziv ta’lim, kasbiy tayyorgarlik, bandlik va nogironligi bo‘lgan shaxslarning ijtimoiy integratsiyasi yo‘nalishlarida faoliyat yuritadi. Shuningdek, tashkilot turli mamlakatlarda tahliliy, metodik va ekspertlik ko‘magini ham ko‘rsatadi.

Tashrif davomida Inclusive Development Partners vakillari Xalqaro inklyuziv xab faoliyati, tuzilmasi va asosiy yo‘nalishlari haqida batafsil ma’lumotlarga ega bo‘ldi.
Shuningdek, mutaxassislar O‘quv auditoriyalariga tashrif buyurib, ta’lim jarayoni bilan yaqindan tanishdi.
Muzokaralar mobaynida O‘zbekistonda inklyuziv sohaning joriy holati, mavjud masalalar va rivojlanish istiqbollari muhokama qilinib, inklyuziv ta’lim muhitini rivojlantirish bo‘yicha xalqaro tajriba va yondashuvlar bilan o‘rtoqlashildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar inklyuziya sohasida ekspertlik hamkorligini davom ettirish va professional dialogni yanada rivojlantirishga o‘zaro kelishib oldi.
Mutaxassislar fikricha, mazkur hamkorlik barqaror inklyuziv muhit shakllantirish yo‘lida muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.
Sherbek Islomov, O‘zA