Istanbulda bo‘lib o‘tgan Turkiy kengashning sakkizinchi sammitida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Injiniring va texnologiya markazlari”ni tashkil etish tashabbusini bildirdi.
Bu tashabbus jahon iqtisodiyotini rivojlantirish va barqaror o‘sish sur’atlarini ta’minlash maqsadida an’anaviy ishlab chiqarishlarni modernizatsiya qilish, raqobatbardosh yuqori texnologiyali sanoat sektorini, jumladan, kichik va sanoat korxonalarini yaratish zarurati bilan asoslanadi.
Rivojlangan mamlakatlarda injiniring xizmatlari bozori shakllangan va mustaqil sanoat sifatida faoliyat yuritadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, AQSHda turli yo‘nalish va sohadagi 25 mingdan ortiq shunday tashkilot mavjud bo‘lib, sanoat injiniringi bozorining aylanmasi 47 milliard dollarni yoki YAIMning 1 foizini tashkil qiladi. Umuman olganda, global injiniring xizmatlari bozori mutaxassislar tomonidan yiliga 750 milliard dollargacha baholanmoqda.
bugungi kunda injiniring xizmatlarining asosiy eksportchilari Yevropaning rivojlangan mamlakatlari, AQSH, Yaponiya, Koreya va Xitoy bo‘lib qolmoqda. Ushbu markazlarni yaratish quyidagilarni rivojlantirishga hissa qo‘shadi:
- texnologiyalar, asbob-uskunalar va mahsulotlarni ishlab chiqarish va sanoatda joriy etishga tayyorlash bo‘yicha tadbirlarni ishlab chiqish;
- yirik sanoat mijozlarini ko‘proq innovatsiyalarni joriy etishga rag‘batlantirish;
- yangi bilimlarni ishlab chiqish uchun yagona ilmiy-ishlab chiqarish platformasini shakllantirish;
- yuqori texnologiyali mahsulotlar ishlab chiqarishni o‘zlashtirish, mehnat unumdorligini oshirish;
- biznes va ilmiy-texnikaviy salohiyatni uyg‘unlashtirish, ilmiy tadqiqot va ishlanmalar xarajatlarini kamaytirish.
Demak, Prezidentimiz tashabbusi iqtisodiyotlarni innovatsion rivojlanish yo‘liga o‘tkazish uchun uning barcha elementlarining o‘zaro muvofiqlashtirilgan rivojlanishini ta’minlaydigan mintaqaviy innovatsion tizimni yaratadi.
Azamat Tohirov,
Markaziy Osiyo xalqaro instituti
yetakchi ilmiy xodimi