Bundan bir necha oy avval ko‘hna Marg‘ilonning “Uvaysiy” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida “Omad far invest telekom” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli “Happy kids” nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyati yo‘lga qo‘yilgan edi.
150 nafar bolajonni o‘z bag‘riga olgan ushbu maskanga kelsangiz, uning ingliz tilini o‘rgatish to‘garagida uzoq Afrikaning Keniya mamlakatidan kelgan mutaxassis bilan bolajonlar ingliz tilida “biji- biji” qilishayotganini, yaxshiroq quloq tutsangiz, bolajonlar biyrongina qilib inglizcha so‘zlarni talaffuz qilishga urinayotganini kuzatish mumkin.
Jefferson Orina Onguti keniyalik bo‘lsada, qo‘shma shtatlarda bolalar psixologi mutaxassisligini o‘rgangan.
–Bolalar barcha joyda bir xil, - deydi janob Jefferson. – Ular turli qiziqarli o‘yinlarni yaxshi ko‘radi. Biz esa ularning ushbu qiziqishlaridan kelib chiqib, ta’lim va tarbiyasi bilan shug‘ullanishimiz lozim.
Nodavlat bolalar bog‘chasidagi shart-sharoitlarni yaratish, qolaversa, malakali mutaxassislar bilan nafaqat davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari, balki xususiy sektordagi muassasalarni ham to‘ldirish masalalari mahalliy hokimlik mutasaddilarining doimiy diqqat-e’tiborida. Shu bois, bugun ko‘hna Marg‘ilonda maktabgacha ta’lim tashkilotlarining xususiy sektordagi muassasalari soni viloyatdagi ko‘rsatkichlarning eng yuqorisida.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA