O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Ma’naviyat va ma’rifat markazida Milliy gvardiya hududiy boshqarmalari, harbiy qismlar va ta’lim muassasalari terma jamoalari o‘rtasida an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan ingliz tili viktorinasining respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Milliy gvardiya tizimida “Bilim — nurli kelajak poydevori” shiori ostida o‘tkazilgan ingliz tili viktorinasida Jamoat xavfsizligi universiteti, Milliy gvardiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri, Buxoro, Farg‘ona va Samarqand viloyatlari bo‘yicha boshqarmalari jamoalari bilan bir qatorda “Temurbeklar maktabi” va Harbiy musiqa akademik litseyining iqtidorli o‘quvchilari ham ishtirok etdi.
Bellashuvlarni O‘zbekiston davlat jahon tillari va Toshkent davlat sharqshunoslik universitetlarining malakali professor-o‘qituvchilaridan iborat hay’at a’zolari baholashdi.
Jamoalar “Tanishtiruv”, “Savol-javob” va “Sardorlar bahsi” shartlari asosida o‘z bilim va salohiyatini namoyon etishdi.
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, avvalgi uch yil davomida ingliz tili viktorinasida Milliy gvardiya Jamoat xavfsizligi universiteti jamoasi ketma-ket g‘oliblikni qo‘lga kiritib kelgan bo‘lsa, joriy yil “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyining “Young Temurids” jamoasi mutlaq g‘olib bo‘ldi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, ikkinchi o‘rin Jamoat xavfsizligi universiteti jamoasiga, uchinchi o‘rin esa “Renessans” jamoasiga nasib etdi.
Viktorina yakunida g‘olib va sovrindor jamoalar kubok hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Albatta, bu kabi viktorinalar bugungi kunda gvardiyachilar tomonidan nafaqat jangovar va jismoniy tayyorgarlik, balki xorijiy tillarni o‘rganish borasidagi ishlar ham jadal olib borilayotganidan darak beradi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/PXC1Z36p-_k" title="Ingliz tili viktorinasi g‘oliblari aniqlandi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Nigora Rahmonova,
Ulug‘bek To‘xtayev (montaj), O‘zA