Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ingliz tili o‘qituvchilariga sertifikatlar topshirildi
12:25 / 2021-10-07

Xalq ta’limi tizimida faoliyat olib borayotgan ingliz tili fani o‘qituvchilarining malakasini oshirish, o‘z ustida ishlashi va zamonaviy usullar orqali yangi metodlar asosida samarali dars berishi uchun turli xil o‘quv kurslari, seminarlar tashkil etilmoqda.

Shunday o‘quv kurslaridan biri Xalq ta’limi vazirligi tomonidan AQSHning O‘zbekistondagi elchixonasi hamda Xalqaro ta’lim bo‘yicha Amerika Kengashlari (American Councils) bilan birgalikda 20 sentyabrdan 2 oktyabrga qadar Trenerlarni tayyorlash instituti tomonidan amalga oshirildi.

Treningda 200 dan ortiq asosiy o‘qituvchi-trener va eng malakali hududiy kasbdosh mentorlar ishtirok etdi. Treninglar 7 nafar TESOL instruktori, 4 nafar Jorj Meyson universiteti instruktori hamda ESN: Coaches Program dasturining 7 nafar amerikalik trener tomonidan o‘tkazildi.

Poytaxtimizdagi Daniel Hill mehmonxonasida mazkur treninglarning rasmiy yopilish marosimi o‘tkazildi va unda TESOL Core Certificate Program kursini va Jorj Meyson universitetining Teaching English Through English kursini muvaffaqiyatli tamomlagan 266 nafar ingliz tili o‘qituvchilariga English Speaking Nation dasturi doirasida sertifikatlar topshirildi. Endilikda ular 120 soatlik nazariy TESOL kursini tamomlab, 20 soatlik amaliyotni boshlaydi.

Avvalroq, iyun-iyul oylarida Xalq ta’limi vazirligining xorijiy hamkorlar bilan birgalikda amalga oshirilayotgan English Speaking Nation dasturi doirasida respublikamiz bo‘ylab 266 nafar ingliz tili o‘qituvchisi uchun TESOL Core Certificate Program (TESOL sertifikatlash dasturi) amalga oshirilgan edi. Mazkur dasturlar ingliz tili o‘qituvchilari uchun malaka oshirish intensiv kurslarini anglatadi. Endilikda o‘qituvchilar 20 soatlik amaliy kuzatuvlarni boshladi.

Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmatining bergan ma’lumotiga ko‘ra, English Speaking Nation dasturi xalq ta’limi tizimidagi 15 mingdan ortiq o‘qituvchining malakasini oshirishni ko‘zda tutadi. Shu maqsadda 91 nafar asosiy trener o‘qituvchi saralab olingan bo‘lib, ular xorijiy mutaxassislar ko‘magida 850 nafar hududiy kasbdosh mentorlar uchun kurslar tashkil qilib kelmoqda.

Dasturning keng qamrovini inobatga olgan holda, kurslarni to‘liq va muvaffaqiyatli tamomlagan o‘qituvchilar joylarda 15 mingdan ortiq o‘qituvchi uchun treninglar olib borishi rejalashtirilgan.

Fayzullo Yahyoyev, O‘zA