Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan Britaniya Kengashi va Norvich til ta’limi instituti bilan hamkorlikda ingliz tili ustozlari uchun kasbiy rivojlanish treninglari tashkil etildi.
Mahorat darslari Norvich til ta’limi instituti direktori Tom Kiddle tomonidan o‘tkazilib, unda innovatsion texnologiyalar asosida o‘qitish, o‘quvchiga yo‘naltirilgan ta’lim, darslarda zamonaviy metodikalardan foydalanish kabi mavzular qamrab olingan.

«Maktab chempionlari» loyihasi doirasida tashkil etilgan ushbu tadbirda butun respublikamizdan ustozlar ishtirok etmoqda.
Treninglar davomida o‘qituvchilar o‘rtasida «Mening kasbiy sayohatim» mavzusida interfaol mashg‘ulotlar tashkil etildi.

Unda ustozlar dars jarayonlari hamda kasbiy faoliyatlari davomidagi muhim tajribalar hamda metodika haqida fikr almashdi.
Kelgusida ushbu ustozlar o‘z hududlaridagi hamkasblari bilan bu yerda o‘rgangan bilimlarini bo‘lishadi.
Trening jarayonlari 12 iyulga qadar davom etadi.
N.Usmonova, O‘zA